Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari o‘zlari saylangan okruglarda bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish yuzasidan bildirilayotgan takliflarni muhokama qilish, aholi vakillarining referendumda faol ishtirok etishi va keng jamoatchilikning fikrini o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
To‘rtko‘l tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda tuman Kengashi deputatlari, fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va faollar ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Mamutov tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka tushuntirildi. Shu bilan birga, konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha bir qancha takliflar bildirildi.
Uchrashuv ishtirokchilariga Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishning ahamiyati yuzasidan tayyorlangan taqdimot va videorolik namoyish etildi.
Ushbu mavzudagi davra suhbati Sho‘manoy tumani hokimligida ham bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.Ibragimov bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, ularning mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA