Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi.
Majlisda dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov o‘tgan davrda Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan olib borilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
– Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan Asosiy qonunimizni takomillashtirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi, – dedi A.Saidov. – Komissiya faoliyatiga ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, soha ekspertlari keng jalb qilindi, rivojlangan davlatlarning konstitutsiyaviy tajribasi chuqur va har tomonlama o‘rganildi. Aholi fikrlari va takliflarini uzviy, o‘z vaqtida qabul qilish, umumlashtirishning aniq mexanizmlari joriy etildi. “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, “1341” qisqa raqamli call-markaz, pochta aloqasi, mahallalar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali takliflarni qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Prezidentimizning shu yil 20 iyun kuni Komissiya a’zolari bilan uchrashgani komissiya ishiga yangicha mazmun-mohiyat olib kirdi. Fuqarolarimizdan kelgan takliflar hamda davlatimiz rahbarining mazkur uchrashuvda ilgari surgan taklif va g‘oyalari “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida o‘z aksini topdi.
Majlisda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini ko‘rib chiqdilar. Mazkur qonun loyihasi yuzasidan Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi, komissiya a’zosi Jahongir Shirinov ma’ruza qildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar “Inson – jamiyat – davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining oltmishdan ortiq moddasiga 170dan ortiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Unda inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini ta’minlash, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish kabi ko‘plab normalar belgilanmoqda.
Xususan, davlat qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini, tadbirkorlikning rivojlanishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, halol raqobat himoya qilinishini, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqligi belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlat hokimiyati asoslarini yanada takomillashtirishga, parlamentning vakolatlarini kuchaytirishga, fuqarolarning qonunchilik jarayonidagi faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan normalar ham aks etmoqda. Xususan, hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashlariga ham rahbarlik qilishi haqidagi norma chiqarib tashlanib, xalq deputatlari Kengashining va hokimlarning vakolatlari alohida mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Ma’ruzachi o‘z ma’ruzasida barcha yo‘nalishdagi o‘zgartish va qo‘shimchalar, ularning ahamiyati xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Deputatlar konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Majlisda qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy komissiya konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi mobaynida kelib tushgan taklif va mulohazalar hisobini yuritish, umumlashtirish, o‘rganib chiqish, tahlil etish va shu asosda loyihani maromiga yetkazish borasida Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi va Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi bilan hamkorlikda ish olib boradi.
Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasida mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan normalarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritish ilgari surilgan. Muhokamalardan so‘ng ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi hamda Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ko‘zda tutilgan masalalarga daxldor bo‘lganligi sababli “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga birlashtirildi.
Deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini umumxalq muhokamasiga qo‘yish yuzasidan tegishli qaror qabul qildilar. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilishi ma’lumot uchun qabul qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi umumxalq muhokamasi uchun “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida hamda “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasida e’lon qilinadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA