Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi quyi palatada qabul qilindi
12:23 / 2023-10-31

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha ma’ruzachi deputat Jahongir Shirinov ushbu qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi:  

– Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi o‘tgan ikki yalpi majlisda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, undagi har bir norma atroflicha muhokama qilindi. Bundan tashqari, qo‘mita yig‘ilishlarida ilgari surilgan bir qancha takliflardan qonun loyihasini takomiliga yetkazishda foydalanildi. Shuningdek, qonun loyihasida ayrim bo‘shliqlar aniqlanib, ularni huquqiy jihatdan to‘ldirishga qaratilgan qoidalar kiritildi. Jumladan, qonun loyihasining konsepsiyasida saylovlarni professional tarzda tashkil etish va o‘tkazishga qodir bo‘lgan saylov organlarining vertikal tizimini tuzish taklif etilgan. Shu bois, loyiha bilan endilikda barcha darajadagi saylov komissiyalarining vakolatlari Saylov kodeksida aniq ochib berilmoqda. Biroq, Kodeksda belgilab bo‘lmaydigan tashkiliy-texnik masalalar, aniqrog‘i saylov komissiyalarida ish yuritish tartibi kim tomonidan belgilanishi ochiq qolib ketgan edi. Shundan kelib chiqib, Saylov kodeksining 26-moddasi uchinchi qism bilan to‘ldirilib, unda “hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarida ish yuritish tartibi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanishi” aniq ko‘rsatib o‘tildi. Bundan tashqari, loyihadan ayrim bir-birini takrorlayotgan qoidalar chiqarib tashlandi.  

Moddama-modda muhokamalarda deputatlar yana bir qator aniqlashtiruvchi savollarni, tahririy tuzatishlar bo‘yicha takliflarni bildirdilar.  

Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.  

 

Muhtarama Komilova, O‘zA