English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi: Konstitutsiya yangidan qabul qilingan hisoblanadimi?
17:05 / 2022-08-17

Ma’lumki, shu yilning 1 avgustida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakuniga yetgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot kotibi Odiljon Tojiyev bilan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining bugungi holati, umuman, keng jamoatchilikning unga nisbatan munosabati va boshqa masalalar yuzasidan suhbatlashdik.

– Konstitutsiyaviy islohotlarning ikki muhim bosqichi ortda qoldi. Ya’ni Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqildi va ikkinchi bosqichda uni takomillashtirish maqsadida xalqimizning e’tiboriga havola etildi. Konstitutsiyaviy islohotlarning hozirgi bosqichi haqida nima deya olasiz?

— Xalqimiz konstitutsiyaviy islohotlarning har ikki bosqichida juda faol ishtirok etdi. Endi bevosita Konstitutsiyaviy qonun loyihasining bugungi holati haqida to‘xtalishdan oldin bir masalaga oydinlik kiritib ketsam. Umumxalq muhokamasining yakuniga yetgani Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha xalqimiz, jamoatchilikdan fikr, taklif qabul qilish to‘xtatilganini bildirmaydi.

Yaqinda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi uchun mas’ul etib belgilangan qo‘mitalar Qonunchilik palatasining majlisida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil axborot berdi. Mas’ul qo‘mitalarga taniqli olimlar, yetakchi ekspertlarni jalb qilib, Konstitutsiyaviy loyihani yanada takomillashtirish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha bundan buyon kelib tushadigan taklif va mulohazalar «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq ko‘rib chiqish, maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritish lozimligi ta’kidlandi.

Bu bilan nima demoqchiman? Mas’ul qo‘mitalarga Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha xalqimizdan kelib tushgan 150 mingdan ortiq takliflar birma-bir o‘rganilishidan tashqari joylarda, tashkilot va idoralarda, fraksiya yig‘ilishlarida bildirilgan hamda 1 avgustdan keyin ham kelib tushadigan mulohazalarni inobatga olish vazifasi yuklatildi.

— Demak, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hali maromiga yetdi, deb aytolmaymiz?

— Xuddi shunday. Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish juda jiddiy va muhim jarayon. Bu jarayonda shoshma-shosharlikka yoki kelib tushgan takliflarga bee’tibor bo‘lishga haqqimiz yo‘q.  O‘rni kelganda aytishim kerak, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi takomillashtirilgani bo‘yicha mas’ul qo‘mitalarning tegishli xulosasi deputatlar tomonidan ma’qullansa, referendumning sanasini belgilash bo‘yicha bir to‘xtamga kelinadi.

— Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda, keng jamoatchilik o‘rtasida ayrim savollar yuzaga kelayapti. Referendum o‘tkazilib, xalqimiz Konstitutsiyaga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni ma’qullagan taqdirda, Konstitutsiya yangidan qabul qilingan hisoblanadimi, ilgarigidek 8 dekabr Konstitutsiya qabul qilingan sana sifatida nishonlanmaydimi, qabilidagi savollar uchrab turibdi. Bu bo‘yicha sizning munosabatingizni bilmoqchi edik.

— Bu bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmatiga ham ko‘plab savollar kelib tushyapti. Imkon qadar hammasiga javob berishga harakat qilyapmiz.  Takror bo‘lsa-da, ma’lum qilamiz: referendum natijasiga ko‘ra, xalqimiz Konstitutsiyaga taklif etilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni qabul qilishni ma’qul deb bilsa, Konstitutsiya yangidan qabul qilingan deb hisoblanmaydi. Biz Konstitutsiyani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy, huquqiy o‘zgarishlarga, qolaversa, xalqimizning o‘sib borayotgan dunyoqarashi, tafakkuriga moslayapmiz, tubdan yangilayotganimiz yoki qaytadan qabul qilayotganimiz yo‘q. Shuni aniq tushunib olishlarini istardik. Ya’ni, biz 8 dekabr sanasini ilgarigidek Konstitutsiyamiz qabul qilingan tarixiy kun sifatida nishonlashda davom etamiz.

— Tushunarli. Shu o‘rinda muhokamalarga sabab bo‘lgan yana bir masalaga to‘xtalsak. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 1-moddasida O‘zbekiston – suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat ekanligini nazarda tutuvchi norma o‘z aksini topgan. Ijtimoiy tarmoqlarda «mazkur tushunchalar O‘zbekistonni dindan uzoqlashtirish maqsadida kiritilyapti» mazmunidagi qarashlarga ham ko‘zimiz tushdi. Siz bu kabi fikrlarga nima degan bo‘lardingiz?

— Bu yanglish xulosa. Ishonchim komil, xalqimiz orasida xolisona fikrlaydigan, o‘zgarishlarga to‘g‘ri baho bera oladigan hamyurtlarimiz ko‘p hamda bunday noxolis fikrlarga e’tibor ham qaratmaydi.  Avvalo aytish kerak, O‘zbekiston 130dan ortiq millat va elat, 16 konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelayotgan bag‘rikeng diyor. O‘tgan 2017–2021 yillar mobaynida respublikada 49 ta yangi jome masjidi ochilgan, 3 ta madrasa tashkil etilgan. Boshqa konfessiyalarga mansub 17 ta diniy tashkilotlar ro‘yxatdan o‘tkazildi va ularning umumiy soni 191 taga yetgan. Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yoki boshqa muhim voqeliklar haqidaku, to‘xtalsam, suhbatimiz uzoqqa cho‘ziladi.  Yuqoridagi raqamlar nimani anglatishini xolis fikrlaydigan, o‘z fuqarolik pozitsiyasiga ega har bir yurtdoshimiz to‘g‘ri tushunadi va xulosa qiladi.

O‘zbekistonda hech bir dinni jamiyatdan ajratish tendensiyasi kuzatilmaydi, ayni paytda davlat hokimiyati va boshqaruvi yoki qonun ijodkorligi faoliyati diniy qoidalar emas, balki fuqarolik qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi. Bu esa dunyoviy davlatning o‘ziga xos jihatlari hisoblanadi.

Ijtimoiy davlat esa muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. Bunday davlatda munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoiti yaratilgan bo‘ladi.

Bundan 10 yillar oldin aholining ehtiyojmand qatlamiga uy-joy ajratish u yoqda tursin, mamlakatimizda kambag‘allar borligi tan ham olinmasdi. Bugun kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladigan institutsional, qonuniy va tashkiliy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapmiz. «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» kabi vositalarni shakllantirish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga manzilli va tizimli yordam berilyapti.

Xulosa shuki, O‘zbekiston so‘nggi yillarda ijtimoiy davlatdagi barcha talablarni o‘zida qamrab oldi: aholining ehtiyojmand qatlamiga munosib darajada yordam ko‘rsatilyapti, asosiysi, bu yordamlar mulkdorlarning huquq va manfaatlarini buzish orqali amalga oshirilmayapti. Shu bois, Konstitutsiyaning ilk moddasida mamlakatimizga ijtimoiy davlat sifatida nisbat berilishiga to‘la asos bor, deb hisoblayman.

— Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvida yangilanayotgan Bosh qomusimiz xalqimiz xohish-irodasining ifodasi, ya’ni haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishi, «Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir» degan tamoyilga to‘la mos hujjat shakllantirilishi kerakligini alohida ta’kidlagan edi. Aytingchi, ikki bosqichi ortda qolgan, uchinchi bosqichga tayyorgarlik ko‘rilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida sizningcha, buning uddasidan chiqilyaptimi?

— Juda to‘g‘ri ta’kidladingiz. Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya a’zolariga Konstitutsiyamiz xalqning muallifligi va ishtirokida yangilanishi kerakligi bo‘yicha alohida ko‘rsatma berdilar. Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari hamda Qonunchilik palatasidagi mas’ul qo‘mitalar umumxalq muhokamasi yakuniga yetganida ham xalqimizning fikrini, taklifini qabul qilayotganining zamirida ham aynan xalqchil, hayotiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan Bosh qomusni shakllantirish maqsadi turganini ko‘rishimiz mumkin.

Shu o‘rinda konstitutsiyaviy islohotlarga oid ayrim raqamlarni keltirsam. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqilguniga qadar islohotlarning birinchi bosqichida, ya’ni 26 maydan to 25 iyunga qadar xalqimizdan Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid 62 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi.

Konstitutsiyaviy islohotlarning ikkinchi bosqichi, ya’ni umumxalq muhokamasi davrida, 25 iyundan to 1 avgustga qadar kelib tushgan takliflar soni 150 mingtadan oshdi. Bu raqamlar birinchidan, Asosiy qonunimizni bugungi hayot talablariga mos holda yangilash ob’ektiv hayotiy zarurat sifatida kun tartibiga chiqqanini, ikkinchidan, konstitutsiyaviy islohotlar o‘z vaqtida o‘tkazilayotganini, uchinchidan, kundan-kunga xalqimizning dunyoqarashi o‘sib, muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonga bo‘lgan qiziqish va daxldorlik hissi yuqori darajaga ko‘tarilganini yaqqol namoyon etadi.

Kelib tushgan takliflarning aksariyati shaklan qonunchilik texnikasiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Lekin mohiyatan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining u yoki bu normasida aks ettirilishiga harakat qilindi. Shu bilan birga, Konstitutsiya darajasida kafolatlashni nazarda tutmaydigan ayrim takliflar boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarimizni takomillashtirish yoki ijro tizimidagi ayrim kamchiliklarni bartaraf qilishga yechim izlashga undashi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Konstitutsiyaviy islohotlar tarixiy jarayon. Bu jarayonda nafaqat deputat yoki senatorlar, huquqshunoslar, balki barchamiz, har bir vatandoshimiz birdek faol ishtirok etishi yangilanayotgan Konstitutsiyamizning xalqchilligini ta’minlaydi. Bu esa xalqimizning «Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mening Konstitutsiyam» deb yuksak g‘urur bilan ayta olishiga yana bir muhim mezondir.

Muhtarama Komilova suhbatlashdi, O‘zA