Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy qoidalar adolatli sud qarorlarini qabul qilishga asos bo‘lmoqda
17:22 / 2025-12-05

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi tom ma’noda insonparvarlikka yo‘g‘rilgan hujjatdir. Chunki uning negizida “Inson qadri uchun” tamoyili turibdi. Natijada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning asosiy vazifasi sifatida belgilanib, fuqarolarning odil sudlovga ega bo‘lish huquqi kengaytirildi.

Eng muhimi, asosiy qonunimizda har bir shaxsning o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilish kafolatlandi. Ayniqsa, sud qarorlarini qabul qilishda Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishi e’tirofga molik yangilikdir. Binobarin, 2023 yil 23 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 16-sonli qarori qabul qilingan. 

Shu o‘rinda men sudya sifatida Bosh qomusimizning 2 ta moddasiga hamyurtlarimiz e’tiborini qaratmoqchiman. Birinchisi, 28-modda bo‘lib, unda “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega. Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas” deya qayd etilgan.

Ikkinchi e’tiborli qoida esa uning 29-moddasi bilan ifodalangan. Unga ko‘ra, har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi. Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, unga qarshi yoki uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarning so‘roq qilinishini talab etish, tarjimon yordamidan foydalanish huquqiga ega.

Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega. Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Albatta, sudya yuqoridagi Konstitutsiyaviy normalarga tayanib ish ko‘radi. Bu esa fuqarolar huquqlarining kafolatli himoyasini ta’minlab, har bir sud qarorining qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi. Qolaversa, Konstitutsiya normalarining bevosita qo‘llanilishi sud tizimini zamonaviy va demokratik talablarga mos ravishda rivojlantiradi. 

Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlarning sud tizimiga yana bir muhim ta’siri – fuqarolarning davlat organlari qarorlari ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilish imkoniyatining kengayganidir. Davlatning har bir organi hamda mansabdor shaxslarning fuqarolar oldidagi javobgarligi oshirildi, bu esa adolatni ta’minlashda sudlarning rolini yanada kuchaytirdi.

Yangilangan Konstitutsiya sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan aniq huquqiy kafolatlarni ham belgiladi. Sudya faoliyatiga har qanday aralashuv man etildi, ularning daxlsizligi va mustaqil qaror qabul qilish huquqi konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlandi. Bu sud qarorlarining xolis qabul qilinishi, sud tizimiga ishonchning oshishi va adolatning ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Gap shundaki, Prezidentimizning 2025 yil 21 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoyishiga asosan bu galgi bayram “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda nishonlanmoqda. Zero, insonparvarlik davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan odilona siyosatining bosh maqsadidir.

Bahromjon BERDIEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo 

Ulug‘bek tuman sudining sudyasi