Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy nazoratning “klassik shakli”
17:10 / 2026-01-08

-

“Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga ega ekani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi, insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz bo‘lib, har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli ekani qayd etilmoqda. Bularning barchasi Asosiy qonunning himoyachisi bo‘lgan Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Mazkur sud boshqa sudlardan farqli o‘laroq, faqat Konstitutsiyaga bo‘ysunadi hamda Asosiy qonunning ustunligi prinsipini ta’minlaydi.

SHAVKAT MIRZIYOEV

Darhaqiqat, Konstitutsiyaviy sudning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishi keyingi yillarda Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlashda va konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. 

Ta’bir joiz bo‘lsa, konstitutsiyaviy nazoratning ushbu “kalassik shakli” eng samarali va shaffof bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida belgilangan Konstitutsiya va qonun ustunligi prinsipini so‘zsiz tan olinishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega bo‘lishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi hamda yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishga oid konstitutsiyaviy normalar ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘tgan 2025 yil 30 dekabr kuni Konstitutsiyaviy sud “Mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida Axborot”ni davlat hokimiyati organlari vakillari, mas’ul tashkilotlar va keng jamoatchilik ishtirok etgan majlisda ko‘rib chiqdi va tegishli tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etdi.

Konstitutsiyaviy sudning 2025 yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotiga batafsil to‘xtalmoqchi emasmiz, chunki u ommaviy axborot vositalarida jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Biz bugun Konstitutsiyaviy sud tomonidan 2024 yilda mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotda ilgari surilgan taklif va tavsiyalarni ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot bermoqchimiz.

Ma’lumki, Konstitutsiyaviy sud 2024 yilda “Mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi Axboroti”da мамлакат Konstitutsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosatidan kelib chiqib, sohaga mas’ul bo‘lgan idoralarning e’tiborini tergov va sud jarayonida vaqtincha hibsxonalarda saqlanayotgan shaxslarga bayram kunlarida oziq-ovqat, kiyim-kechak kiritish, toza havoda sayr qilish, yaqin qarindoshlari va advokatlari bilan uchrashuvga ruxsat beradigan tizimni joriy etish masalasiga qaratgan edi. 

Ushbu masala bo‘yicha Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida kamida ikki soat davom etadigan sayr qilish, kiyim-bosh va poyabzal olish hamda har oyda oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni sotib olishi uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining bir baravarigacha pul sarflash bo‘yicha huquqlarini mustahkamlashga oid qonunchilik taklifini Oliy Majlis quyi palatasiga kiritilgan. Ombudsmanning ushbu taklifi o‘tgan 2025 yil 18 noyabr kuni Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqilgan va ma’qullangan.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sudning 2024 yildagi axborotida ba’zi hududlarda fermerlar o‘zlari yetishtirgan mahsulotni erkin tasarruf etishda to‘sqinliklarga uchrashi, O‘zbekiston hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishiga oid Konstitutsiyaning 67-moddasida belgilangan kafolatlarga zid ekanligi yuzasidan xavotir bildirib, o‘z takliflarini ilgari surgan edi. 

Konstitutsiyaviy sud bildirgan takliflar Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan atroflicha o‘rganilgan va ular bejiz emas degan, xulosaga kelishgan. 

Deputatlar o‘rganish yakunida tovarlar, ishlar, xizmatlarning erkin harakatlanishiga yoki realizatsiya qilinishiga aralashish yoxud to‘sqinlik qilish holatlari yuzasidan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqib, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 2025 yil 14 oktyabrda quyi palataga kiritgan. 

Qonunchilik palatasi deputatlarining mazkur qonunchilik tashabbusi Konstitutsiyaning 67-moddasi ijrosini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligini Konstitutsiyaviy sud alohida e’tirof etadi.

Yuqoridagilar bilan birga Konstitutsiyaviy sudning o‘tgan yilgi Axborotida vakolatli organlarni, shaxsning sukut saqlashga oid konstitutsiyaviy huquqini qonunlarda aks ettirish va tergov sudyasi vakolatlarining qonuniy asoslarini yaratishni jadallashtirishga chaqirgan edi.

Ushbu masala bo‘yicha ma’sul davlat organlari tomonidan tegishli tartibda qonun loyihasi ishlab chiqilib, joriy yilda parlament tomonidan qabul qilinganligi – sudlar faoliyati hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlarini kuchaytirishda muhim qadam bo‘ldi.

Yana bir muhim masala. Konstitutsiyaviy sudning 2024 yildagi axborotida amaldagi qonunlarda belgilangan mahalliy davlat hokimiyati vakolatlariga oid umumiy normalarni hokimlik va mahalliy Kengashlar o‘rtasida ajratgan holda aniq tahrirda bayon etish taklifi ilgari surilgan bo‘lib, ushbu taklif asosida mahalliy hokimliklar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlarini ajratishga qaratilgan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun 2025 yil 
9 sentyabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Oliy Majlis Senatiga ma’qullash uchun yuborilgan. 

Mazkur qonun bilan amaldagi 78 ta qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganligi e’tiborga molik, albatta.

Darhaqiqat, o‘tgan yilgi axborotda Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash masalasida sud va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini malakasini oshirib borish tashabbusini ham ilgari surgan edi. 

Konstitutsiyaviy sudning ushbu tashabbusiga binoan, Odil sudlov akademiyasining malaka oshirish kurslarida “Odil sudlovni amalga oshirishda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning mazmun-mohiyati” bo‘yicha alohida mavzu kiritilgan va 2025 yilda 555 nafar sud korpusi vakillari o‘qitilgan. Albatta, Konstitutsiyaviy sud mazkur tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatlab, kelgusi yilda ham bu amaliyotni davom ettirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi.

Shuningdek, Konstitutsiyada belgilangan “O‘zbekiston ijtimoiy davlat” prinsipidan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy sud tomonidan taklif etilgan quyidagi masalani ijobiy hal etilishi muhim voqea bo‘ldi. Ochiq aytish kerak, Konstitutsiyamizda “ijtimoiy davlat” tamoyilini belgilanishi bu shunchaki oddiy narsa emas, balki, davlatimiz rahbarining insonni rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash  siyosatini amalga oshirishning konstitutsiyaviy prinsipi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Ma’lumki, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 moddasida - Har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan. Chunki, barcha fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilishda zarur huquqiy bilimga ega bo‘lavermaydi. 

Demak, bunday hollarda fuqarolar o‘z hisoblaridan huquqiy yordam olishga ehtiyoj sezadi. Kam ta’minlangan shaxslar esa huquqiy yordam olishlari uchun zarur mablag‘ga ega bo‘lmasligi mumkin. Aynan shu nuqtai nazardan olganda, Konstitutsiyaviy sudga kam ta’minlangan shaxslar murojaat qilganda, konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida advokat xizmatidan foydalanishga, huquqiy yordam olishga ehtiyoj sezadi.

Yuridik yordamni davlat hisobidan ko‘rsatishga oid konstitutsiyaviy norma ijrosini samarali tashkil etish maqsadida, kam ta’minlangan shaxslar, agar ular o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sudga murojaat etganda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lishi haqida taklifni ilgari surgan edi. 

Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Qonunchilik palatasi mazkur qonun loyihasini atroflicha muhokama qilib, “Kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” degan, yangi nom bilan 2025 yil 5 avgustda qabul qilgan. Mazkur Qonun Senat tomonidan o‘tgan yilning 31 oktyabrida tegishli tartibda ma’qullangan.

Kelgusida ushbu Qonunni tegishli tartibda imzolanishi va kuchga kirishi bilan Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasida belgilangan - har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli” degan norma ijrosini so‘zsiz bajarilishiga, shuningdek, fuqarolarni konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish darajasini oshirish, aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etib kelayotgan mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axboroti kelgusida ham Konstitutsiya ustunligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib boraveradi.

ABDUMANNOB RAXIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudi sudyasi,

yuridik fanlar doktori.

O‘zA