Yangi farmon
Huquqiy demokratik davlat qurishning eng muhim shartlaridan biri – qonun ustuvorligini ta’minlashdir. Qonun ustuvorligi tamoyili davlat hokimiyati organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolar Konstitutsiya hamda qonunlarga qat’iy rioya etishini nazarda tutadi. Ushbu tamoyilni amalda ta’minlashda esa Konstitutsiyaviy sud alohida o‘rin tutadi.

Konstitutsiyaviy sud davlatda Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchini ta’minlovchi, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi ustidan konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshiruvchi muhim institut hisoblanadi.
Hozirgi globallashuv va jamiyat hayotidagi tezkor o‘zgarishlar sharoitida davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari oldida konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, qonun ustuvorligini amalda qaror toptirish vazifalari har qachongidanda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 18 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazorat institutini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim strategik hujjat sifatida baholash lozim.
Ushbu farmon “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlarga mos ravishda, Konstitutsiyaviy sudning davlat va jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish, uning inson huquqlarini himoya qilishdagi ta’sirchanligini oshirish hamda konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Farmonning eng muhim va dolzarb jihatlaridan biri bu – fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilganligidir. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, konstitutsiyaviy shikoyat institutining samarali ishlashi fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi ishonchini oshiradi.
Qolaversa, farmonda murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda fuqarolarning murojaatlari “yo‘qolib ketishi”ning oldini olishga qaratilgan mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilgani Konstitutsiyaviy sud vakili sifatida alohida qoniqish uyg‘otadi. Ayniqsa, Konstitutsiyaviy sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarning murojaatlarini vakolatli sub’ektlar orqali ko‘rib chiqish tizimini joriy etish fuqarolar manfaatlarini himoya qilishdagi yana bir muhim qadamdir.
Shuningdek, farmonda nazarda tutilgan normalar konstitutsiyaviy shikoyat institutining mazmunan yangi bosqichga ko‘tarilishini ta’minlaydi. Xususan, muayyan ish bo‘yicha sud tomonidan qo‘llanilgan qonun Konstitutsiyaga zid deb topilgan taqdirda sud hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatining yaratilishi inson huquqlarini tiklashga qaratilgan adolatli va progressiv yondashuvdir.
Ushbu qoida Konstitutsiyaviy sud qarorlarining amaliy ahamiyatini yanada oshiradi, uning qarorlari deklarativ tusda qolib ketmasdan, real huquqiy oqibatlarga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Shu orqali Konstitutsiyaviy sud haqiqiy ma’noda inson huquq va erkinliklarining kafolatchisi sifatida namoyon bo‘ladi.
Jumladan, farmonda Konstitutsiyaviy sud vakolatlarini kengaytirish orqali ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan ta’sirchan konstitutsiyaviy nazorat o‘rnatish vazifasi belgilangani ham huquqiy davlat tamoyillariga to‘la mos keladi. Bu davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashda Konstitutsiyaviy sudning rolini yanada kuchaytiradi.
Ta’kidlash joizki, ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan samarali konstitutsiyaviy nazoratning mavjudligi jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning eng muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi. Chunki, bu orqali normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiyaga muvofiq qabul qilinishi va qo‘llanilishi ta’minlanadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bugungi kunda jamiyat hayotining barcha sohalarini raqamlashtirish global taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanib ulgurgan. Sababi, fuqarolar ko‘p vaqt va ortiqcha xarajat sarflamasdan, turli ma’lumotnoma va ruxsatnomalarni masofadan turib olish, o‘z murojaatlarini yo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu esa navbatlar, qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarning sezilarli darajada qisqarishiga hamda fuqarolar uchun ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois, farmonda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan normalar ham o‘z aksini topgan bo‘lib, “E-KSUD” axborot tizimining joriy etilishi sud faoliyatida shaffoflikni oshirish, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va odil sudlovga erishishda qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, sud majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish, elektron murojaatlar qabul qilish, sud jarayonlarini onlayn kuzatish imkoniyati bularning barchasi Konstitutsiyaviy sudni zamonaviy, ochiq va xalqchil institut sifatida shakllantirishga qaratilgan muhim qadamlardir. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun shart-sharoitlar yaratish insonparvarlik tamoyili hamda ijtimoiy davlatning amaliy ifodasi deyish mumkin.
Qolaversa, farmon bilan Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tashkiliy-huquqiy jihatdan mustahkamlash, qo‘shimcha shtat birliklarini ajratish, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Sudya va sud xodimlarining munosib mehnat sharoitiga ega bo‘lishi, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlanishi, odil sudlov sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan omil ekanini amaliyot tasdiqlab kelmoqda.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur farmoni Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tubdan isloh qilishga qaratilgan, o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirishda strategik ahamiyatga ega hujjat bo‘ldi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, farmonda belgilangan chora-tadbirlarning to‘liq va samarali amalga oshirilishi Konstitutsiyaviy sudni fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash va jamiyatda adolat hamda qonuniylikni qaror toptirishdagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Nilufarxon SAID-GAZIEVA,
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
Devon rahbari, yu.f.d.
O‘zA