Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy nazorat tizimini takomillashtirish – davr talabi
15:51 / 2025-12-01

Bugungi kunda dunyo davlatlarida Konstitutsiya normalarining to‘g‘ri va keng qo‘llanilishi hamda huquqiy munosabatlarda barcha normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha nazorat tizimi institutsional jihatdan turlicha yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, ayrim davlatlarda Konstitutsiyaviy nazorat Konstitutsiyaviy sudlar, oliy sudlar va Konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshiruvchi maxsus organlar tomonidan amalga oshirilmoqda.
AQSH, Kanada, Avstraliya kabi davlatlarda Konstitutsiyaviy nazorat Oliy sud rahbarligidagi umumyurisdiksiya sudlari tomonidan olib borilsa, Fransiyada bu vazifa Konstitutsiyaviy kengash zimmasiga yuklangan.

Mamlakatimizda Konstitutsiyaviy nazorat O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 27 apreldagi Konstitutsiyaviy qonuniga asosan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi tomonidan amalga oshiriladi. MDH davlatlarida ham Konstitutsiyaviy nazoratni Konstitutsiyaviy sudlar olib boradi.

Umuman olganda, amaliyotda, Konstitutsiyaviy nazoratni olib borishning asosan ikki turi shakllangan bo‘lib, AQSH modeli (Oliy sud va umumyurisdiksya sudlari doirasida) va kontinental (Avstriya) model shaklida ish yuritiladi.

O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy nazorat Konstitutsiyaviy sud tomonidan olib borilar ekan, ushbu faoliyatni tartibga soluvchi qonun uch marta yangi tahrirda qabul qilindi. Xususan, 2021 yilda qabul qilingan qonunda Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini tartibga soluvchi navbatdagi yangi normalar amaliyotga kiritildi. Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari “aniqlash”, “xulosa berish”, “sharh berish”, “ko‘rib chiqish” va “axborot taqdim etish”dan iboratligi oydinlashdi. Bu vakolatlar qonunning 4-moddasi mazmunidan kelib chiqadi. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlariga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud:

1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;

2) O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar – O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar – O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi.
Shu vakolatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 133-moddasining birinchi qismi 1-2-bandlarida ham ko‘rsatilgan.

Nazarimizda, aynan ushbu “vakolatlar” Konstitutsiyaviy sudning real vakolatlarining noaniq holda qonunchilikda saqlanib qolishiga olib kelmoqda. Negaki “aniqlash” vakolati, aslida, nihoyatda umumiy va noaniq jumla bo‘lib, uning natijasi borasidagi huquqiy normalar qonunchilikda ochiqligicha qolgan, deyish mumkin.

Vaholanki, ushbu toifadagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xorij davlatlarining Konstitutsiyaviy sudlarining vakolatlari qonunchilikda aniq qilib belgilab qo‘yilgan.
Masalan, “Qozog‘iston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonuni 23-moddasiga ko‘ra, “Konstitutsiyaviy Sud quyidagilarning Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini ko‘rib chiqadi:

1. Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti tomonidan qabul qilingan, biroq Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanmagan qonunlar;

2. Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti va uning palatalari tomonidan qabul qilingan qarorlar;

3. Qozog‘iston Respublikasining xalqaro shartnomalari ular ratifikatsiya qilingunga qadar”.

Ya’ni Konstitutsiyaviy sudlarning Qozog‘istonda ushbu toifadagi ishlarni “ko‘rib chiqishi” aniq ko‘rsatilgan. Biroq milliy qonunchiligimizda Konstitutsiyaviy sud mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha tegishli hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini “aniqlashi” ko‘rsatilgan. Ya’ni, nazariy jihatdan, ushbu holatda, milliy qonunchiligimizda Konstitutsiyaviy sudning yuqorida qayd etilgan hujjatlarni o‘rganish natijalari bo‘yicha qonun doirasida ta’sirchan chora ko‘rish vakolatlari belgilanmagan. Bu esa konstitutsiyaviy nazorat institutining to‘laqonli va samarali ishlashini ta’minlashga imkon bermasligi mumkin.

Shu bilan birgalikda, yana bir holatga e’tibor qaratish lozim. Xususan, Konstitutsiyamizning 15-moddasi birinchi va ikkinchi qismlariga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.”

Ya’ni sud va huquqni muhofaza qilishuvchi organlar ham Bosh qomusimizni o‘z faoliyatlarida bevosita qo‘llashlari lozim. Bu qoida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2023 yil 23 iyundagi “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorida ham mustahkamlangan.

Konstitutsiyamizning 133-moddasi birinchi qismi 6-bandiga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi.

Ayni shu vakolat 687-sonli O‘zbekiston Respublikasi qonunining 4-moddasi birinchi qismi 5-bandida va O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 28 iyuldagi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunida ham mustahkamlangan. Jumladan, mazkur qonunning 30-moddasi birinchi qismi 11-xatboshisiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharh berish to‘g‘risida, shuningdek. sudlar tashabbusi bilan kiritilgan muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi haqida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat kiritish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumiga taqdimnoma kiritadi.

Konstitutsiyaning 22-moddasi ikkinchi qismi 4-xatboshisiga ko‘ra esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharh berish masalalari yuzasidan murojaat kiritish, shuningdek muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risidagi sudlar tashabbusi bilan kiritilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat kiritish haqidagi taqdimnomasini ko‘rib chiqadi.

Soddaroq qilib aytganda, ushbu norma sudlarda ishni ko‘rish davomida u yoki bu normalarning Konstitutsiyaga mos yoki mos emasligini aniqlash zarurati bo‘lganda, Oliy sud orqali bu masalada Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilinishi mumkinligini ko‘rsatadi. Chunki sudyalar Konstitutsiyaga zid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llashi mumkin emas va Konstitutsiya butun mamlakatda birdek va bevosita amal qiladi.

Bunday holatda sudlar ish yuritishni to‘xtatib turishi kerak bo‘ladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy-protsessual kodeksi 101-moddasi 1-bandi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik-protsessual kodeksi 116-moddasi 4-bandi, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi 99-moddasi 1-bandida sudlar ushbu holatda ish yuritishni to‘xtatib turishi majburiyat sifatida ko‘rsatilgan.

Normalarning Konstitutsiyaga muvofiq qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida sud(ya)larning Oliy sud orqali Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishi va ushbu sud tomonidan mazkur masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinguniga qadar ish yuritishning to‘xtatib turilishi, bizning nazarimizda, juda chuqur o‘ylangan va to‘g‘ri amaliyotdir. Shu bilan birgalikda, ushbu normalar zamirida sudlardagi ushbu (ehtimoliy) murojaatlarning Oliy sud tomonidan tahlil qilingan, o‘rganilgan va makazlashtirilgan tarzda Konstitutsiyaviy sudga yetkazilishi maqsad qilinganligini tushunish mumkin. 

Ammo qayd etish lozimki, ayrim mutaxassislar tomonidan Konstitutsiya normalarini qo‘llash bo‘yicha shakllangan mazkur tartibni yanala soddalashtirishga oid fikrlar bildirilmoqda. Xususan, bevosita sudyalarning o‘zi tomonidan Konstitutsiyaviy sudga ushbu masalada yozma murojaat qilish vakolatining berilishi orqali, birinchidan, huquqiy amaliyotni qo‘llovchi sudlar va Konstitutsiyaviy sud o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot paydo bo‘ladi, ikkinchidan, sud ishlarini to‘xtatib turish muddatlari qisqarishiga erishilishi fikri ilgari surilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, respublikamizda Konstitutsiyaviy nazoratning normativ-huquqiy va institutsional asoslari tadrijiy ravishda rivojlanib bormoqda.
Shu bilan birgalikda, bu borada Konstitutsiyaviy sudning ayrim vakolatlarini qonun darajasida takomillashtirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Ushbu maqsadga erishish uchun esa quyidagilar taklif qilinadi:

Birinchidan, Konstitutsiyaviy sudning “aniqlash” vakolatini Konstitutsiyamizning 133-moddasi birinchi qismi 1-2-bandlarida va Qonunning 4-moddasi 1-2-bandlarida “hal qilish” tarzida bayon qilish orqali mazkur sudning konstitutsiyaviy tartibni, qonun ustuvorligini ta’minlashdagi ta’sirchanligini yanada oshirish mumkin bo‘ladi.

Ikkinchidan, sud(ya)larning muayyan normativ-huquqiy hujjatlar yoki ulardagi normalarning konstitutsiyaga muvofiq yoki muvofiq emasligi bo‘yicha Konstitutsiyaviy sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishning huquqiy imkoniyatlarini yaratish. 

Nurmuhammadxon ABULSAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi 
iqtisodiy huquq yo‘nalishi tinglovchisi.
O‘zA