Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov BAAda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz bilan Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-mohiyati yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi.
Akmal Saidov ishtirokchilarga so‘nggi yillarda respublikamizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, Samarqandda o‘tkazilgan SHHT sammiti yakunlari to‘g‘risida so‘zlab berdi.
— Taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar umumxalq muhokamasidan o‘tkazildi, ular, shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan batafsil tahlil qilinganidan keyin eng maqbullari Bosh qomusimizga kiritiladi, — dedi Akmal Saidov. – Yurtdoshlarimizning xohish-istaklari meningkonstitutsiyam.uz portali orqali qabul qilindi.
Davra suhbati ishtirokchilarining konstitutsiyaviy islohotlarga oid barcha savollariga A.Saidov batafsil javob berdi.
Muloqot yakunida BAAda istiqomat qilayotgan vatandoshlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, xususan, konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yakdil ekanliklarini bildirdi.
O‘zA