Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish — bugungi davr taqozosi
15:09 / 2022-05-16

Bugun O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida hamda Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan bayram tabrigida ilgari surilgan konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish tashabbusi atroflicha muhokama qilindi.

— bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga o‘tish jarayoni, bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonni barpo etish mamlakatimiz Bosh qomusini takomillashtirishni taqozo etmoqda, — dedi fraksiya rahbari Alisher Qodirov. — Konstitutsiya — davlat, jamiyat va fuqarolarning bugungi istak va irodasiga hamohang takomillashib borishi kerak bo‘lgan hujjatdir. So‘nggi 20 yilda dunyoda 90 ta mamlakat konstitutsion islohotlar o‘tkazdi, ularning 57 tasi yangi konstitutsiya qabul qildi. O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillaridan boshlab tiklanish davrini boshidan o‘tkazdi. 2016 yildan boshlab Harakatlar strategiyasiga asosan siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlarni ko‘zda tutuvchi islohotlar olib borildi. Endilikda esa O‘zbekistonni rivojlantirish uchun Taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi. Bu jarayonlar yangi mezonlar, talablar va qarashlarni shakllantirayotgani sababli Konstitutsiyada o‘zgarish va qo‘shimchalarni taqozo qiladi. 

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining mazkur tashabbusi “Milliy tiklanish” partiyasining o‘zbek davlatchiligi rivojining boy tarixiy tajribasini o‘rganish va ommalashtirishni targ‘ib qilishdek g‘oyasi bilan hamohang hamda dasturiy maqsad va intilishlariga mos keladi. Chunki globallashuv, raqamlashtirish, tez o‘zgarib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jarayonlar barcha jabhalarni modernizatsiya qilishda konstitutsiyaviy-huquqiy islohotlar o‘tkazish talabini qo‘ymoqda. 

Bosh qomusimizni bugungi kun talablari asosida takomillashtirish hamda tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish umumdavlat ahamiyatiga ega muhim masala ekanligiga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, Asosiy qonunimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mamlakatimizning yangi taraqqiyot bosqichi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahqam huquqiy poydevorni yaratadi. 

— Ilgari surilayotgan tashabbusda Konstitutsiyamizda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha bildirilayotgan takliflar partiyadoshlarimiz va xayrixohlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonchimiz komil, — dedi partiya yetakchisi. — Bunday muhim vazifani jamoatchilik bilan maslahatlashgan holda jahondagi ilg‘or tajribani chuqur o‘rganish asosida amalga oshirish nafaqat bugungi avlod, balki kelajak avlod vakillari oldidagi burchimizdir. 

Yig‘ilishda fraksiya a’zolarining fikr-mulohazalari tinglandi. Mazkur masalani O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi bilan qo‘shma yig‘ilishda muhokama qilish tashabbusi ilgari surildi. 

M.Komilova, O‘zA