Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy islohotlarga talabalar befarq emas
12:45 / 2023-03-31

Namangan davlat universitetida "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida" gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Oliygoh rahbariyati qoshidagi "Press klub" tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi, O‘zLiDeP viloyat kengashi raisi Solijon Mo‘minov hamda universitet prorektori Narimon Dehqonov spiker sifatida ishtirok etdi.

Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot jarayonida yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, bo‘lajak referendumning ahamiyati xususida batafsil so‘z bordi. Yangilanayotgan Bosh qomusimizning muhim jihatlari, uni qabul qilish zaruriyati, unga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, referendumni o‘tkazish tartibi yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, chin ma’noda xalq xohish-irodasining ifodasi sifatida yanada to‘laqonli va mukammal Asosiy Qonunga aylanayotgan, yangicha mazmun kasb etayotgan Konstitutsiyamizning har bir moddasi sha’nimiz, qadr-qimmatimiz, sog‘ligimiz, ta’lim olishimiz, mehnat qilishimiz, bir so‘z bilan aytganda, butun hayotimiz va uning har bir jihati uchun daxldor.  

Shuningdek, Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari sezilarli darajada kengayayotganligi, uni ekologik huquqlar, sog‘liqni saqlash, gender tenglik, erkin harakatlanish kabi huquqlar bilan to‘ldirilayotganligi yanada ahamiyatli. Xususan, yangi Konstitutsiyamizda birgina ta’limga oid normalarning ikki barobarga ortgani, unga inklyuziv ta’lim olish huquqi haqidagi modda kiritilgani e’tiborga molik.  

– Biz nega yangilanayotgan Konstitutsiyamizni xalqchil Konstitutsiya deb aytayapmiz? Negaki, mazkur qomusiy hujjat xalqimiz tomonidan bildirilgan 220 mingdan ziyod takliflar asosida yangilandi va to‘ldirildi, – deydi deputat Solijon Mo‘minov. – Konstitutsiyamizning 128 ta moddasining 91 tasida konseptual o‘zgarishlar amalga oshirilgan bo‘lsa, unga 27 ta yangi modda kiritildi. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini chuqur o‘rganish, bo‘lajak referendumda o‘z xohish-istagimizni namoyon qilish barchamizni Vatanimiz va xalqimiz taqdiriga befarq emasligimizni ko‘rsatadi.  

– Quvonarlisi, targ‘ibot tadbirlarida yosh avlod vakillari juda faol. Xususan, Namangan davlat universiteti talabalari bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarda yoshlarning tashabbuskorligi yaqqol sezilmoqda, – deydi NamDU "Press klub" rahbari Sanjarbek Hamidov. – Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz mustaqil mamlakatning to‘la huquqli fuqarosi sifatida farovon hayot kechirishimiz uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, Konstitutsiya – bugunimiz, ertamiz, kelajagimiz uchun poydevordir.

Aynan shuning uchun ham “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga befarq bo‘lmasligimiz, 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda har birimiz shaxsan ishtirok etishimiz orqali o‘z siyosiy irodamizni namoyon qilishimiz lozim.

Targ‘ibot tadbirida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Yoshlar bo‘lajak referendumda faol ishtirok etishga chorlandi. O‘z navbatida, talabalar ham o‘z tengdoshlarini bu muhim siyosiy jarayonda faollik ko‘rsatishga chaqirdilar.

Oqilxon Dadaboyev,

O‘zA.