Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy islohotlarda yoshlar faollik ko‘rsatmoqda
14:20 / 2022-07-26

bugungi kunda joylarda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasining muhokamalari qizg‘in ruhda kechmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti hamkorligida o‘tkazilgan “Konstitutsiya – inson huquqlari va ijtimoiy davlat kafolati” mavzusidagi ochiq muloqot ham ishtirokchilarning faolligi ostida o‘tdi.  

Muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zXDP Markaziy kengashi mas’ul xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari va faol yoshlar ishtirok etib, bugungi kunda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar. 

Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat”, degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlanishi ko‘zda tutilmoqda. Ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. U shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni talab qiladi.  

Bundan tashqari, uchrashuvda Konstitutsiyada aholiga tibbiy va ijtimoiy xizmatlarning aks ettishi, inson qadrini ulug‘lash, inson huquqlari kafolatini mustahkamlash bo‘yicha belgilanayotgan me’yorlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Ishtirokchilar ham Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon qilib, qator jo‘yali takliflar berdilar. 

—  Bugun Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in kechayotganini butun xalqimizning faolligida ko‘rish mumkin, — deydi O‘zXDP Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari To‘lqin To‘raxonov. — Jamiyatimizning barcha qatlami vakillari jarayonlarda faol ishtirok etib, qonun loyihasiga takliflar bildirmoqda. bugungi uchrashuv davomida e’tiborimizni tortgan jihatlardan biri ham yosh kursantlar ushbu siyosiy jarayonlarga befarq emasligi bo‘ldi. Ular o‘zlarining o‘rinli takliflarini bildirib, savollarini berishmoqda. Qonun ustuvor bo‘lgan yurtda rivojlanish bo‘lishini qayd etishmoqda. Demak, jamiyatimiz yoshlari mamlakatimizning bugungi va ertasi haqida qayg‘uryapti. 

Uchrashuv davomida bildirilgan takliflar qayd etib olindi. Yoshlarning mazkur siyosiy jarayonlardagi yanada faol ishtiroki o‘z kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA