Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy islohotlarda inson qadri va huquqlariga ustuvorlik beriladi
11:37 / 2022-07-21

Munosabat

«Chinakam xalq mafkurasini, millatning eng muqaddas orzu-intilishlarini faqat uning Bosh hujjati – Konstitutsiyasida to‘liq ifoda etish mumkin». Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan 2022 yil 20 iyunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xuddi shunday deb ta’kidladi.

Prezident dastavval hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilish hamda konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish zarurati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda insonning yuksak o‘rni va qadrini, mamlakat uchun qanday qadriyat va manfaatlar ustuvor ahamiyatga ega ekanligini «Konstitutsiyada aks ettirish – davr taqozosidir».

O‘zbekiston Prezidenti amaldagi Konstitutsiyaning ahamiyati va shu davrgacha bo‘lgan islohotlarda u mustahkam huquqiy hujjat bo‘lganini ta’kidlab, yangilangan Konstitutsiya mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, umuman, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozimligi, ayniqsa, «Inson qadri uchun» g‘oyasi hamda hozirgi islohotlarning bosh tamoyili bo‘lgan «Inson – jamiyat – davlat» degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotda bosh qadriyatga aylantirish zarurligini qayd etdi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston rahbari jamiyat va davlat rivoji uchun, aynan bugun konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zaruratiga alohida to‘xtalib o‘tib, ushbu o‘zgarishlar jarayonida ahamiyat qaratish lozim bo‘lgan dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Xususan, Prezident, avvalo inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasiga oid normalar Konstitutsiyada mustahkamlanishi lozimligini bildirdi. Shundan kelib chiqib barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun bo‘lishi aniq ko‘rsatib berildi. Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida inson qadrini yuksaltirish haqiqatan davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shartligini belgilash taklifi bildirildi.

Darhaqiqat, O‘zbekistonda islohotlar samarasi o‘laroq, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Ularni xalqimiz va xalqaro hamjamiyat vakillari ko‘rib, bilib turibdi va o‘zlarining ijobiy baholarini berib borishmoqda. Xalq bilan muloqot tizimining yo‘lga qo‘yilganligi, mantiqsiz «propiska» tizimining tubdan isloh qilinishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda eksterritoriallik prinsipining joriy etilganligi, mansabdorlarning doimiy hisobot berib borishi, ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan talablar belgilanganligi, majburiy mehnatga barham berilib, inson huquq va erkinliklariga bo‘lgan hurmat yangi bosqichga ko‘tarilganligi, aholining qanchadan-qancha mushkuli osonlashgani kabi bir qator misollar shular jumlasidandir.

Kelgusi islohotlarda esa mana shu erishilgan natijalarni yanada yuksaltirish, inson uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsad qilingan. Zero, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, inson munosib sharoitda ta’lim-tarbiya olib, farovon hayot kechirgan taqdirdagina jamiyat va davlat uyg‘unlikda barqaror rivojlanadi. Jumladan, Taraqqiyot strategiyasining o‘zida ushbu maqsadlarga erishish yo‘lida qanchadan-qancha aniq maqsadlar qo‘yilganligi va ularning ijro etib borilishi xalq nazorati ostida ekanligini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. 

 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Prezidenti barchaning e’tiborini amaliyotda uchrab turgan inson qadri va huquqlarining poymol etilishiga qaratib, ushbu masala ham konstitutsion darajada belgilanishi shartligiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu – huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qo‘lga olinganda u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekanligiga izoh berilmayotganidir. Bunda gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qolmoqda. Aslida esa ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan «Miranda qoidasi»ga ko‘ra, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani tushuntirilishi lozim. «Ana shu qoidani Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yishning vaqt-soati keldi, deb o‘ylayman», deya ta’kidlab o‘tdi Prezident.

Shu boisdan ham davlat rahbari tomonidan «Miranda qoidasi»ni qo‘llash lozimligi taklifi bildirildi.

Miranda qoidasi (ingl. Miranda warning) – ushlash jarayonida ushlanuvchi o‘zining huquqlari haqida ogohlantirilishi, uni ushlayotgan huquqni muhofaza qilish xodimi esa, unga aytilayotganlarni tushunayotganligi haqidagi savolga ijobiy javobni olishi kerakligi haqidagi yuridik talab. Huquqlarni qaysi so‘zlar bilan tushuntirish huquqni muhofaza qilish organlari vakolatli xodimlarining ixtiyorida bo‘ladi. Eng ommalashgan formulirovka quyidagicha:

«Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Siz aytgan har qanday narsa sudda sizga qarshi ishlatilishi mumkin. So‘roq jarayonida sizning advokatingiz ishtirok etishi mumkin. Agar siz advokat xizmati uchun pul to‘lay olmasangiz, u sizga davlat tomonidan taqdim etiladi. Siz o‘z huquqlaringizni tushundingizmi?».

Shuningdek, shaxs sud qaroriga qadar ko‘pi bilan 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligiga to‘xtalib o‘tildi. Prezident ta’kidlaganidek, «Agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerak. Bu haqdagi muhim normani ham Asosiy qonunimizda aks ettirishimiz zarur». Albatta, bunday qoidalar inson, uning hayoti, huquq va erkinliklari – oliy qadriyat, degan ezgu tamoyilga to‘la mos keladi.

Ta’kidlash joizki, hech kim aynan bitta jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Aynan ushbu odillik prinsipi qonunchiligimizda ko‘zda tutilgan.

Shu paytga qadar amaliyotda bir jinoyat uchun nafaqat jinoyatni sodir qilgan shaxs, balki uning avlodi ham ushbu holning turli bosqichlarida jabrini tortib kelgan. Jumladan, ushbu shaxsning oila a’zolari davlat tashkilotlarining turli lavozimlarida faoliyat yuritishi cheklanib, ularning davlatga xizmat qilishda o‘z qobiliyatlarini to‘liq namoyon qilishga imkoni bo‘lmagan. Shu boisdan ham Harakatlar strategiyasi doirasidagi islohotlar natijasida ushbu masala ham isloh qilina boshlandi. Yig‘ilishda davlat rahbari tomonidan «Nima sababdan bir jinoyat uchun butun avlod javob berishi kerak?» degan savol o‘rtaga tashlandi. Endi bunday adolatsiz «tizim»dan butkul voz kechish darkorligi ta’kidlab o‘tildi. Konstitutsiyamizda «Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas», deb qat’iy yozib qo‘yilishi zarurligi e’tirof etildi. Zero, inson huquqlarini ta’minlash va uni himoya qilish jamiyat taraqqiyotining asosiy va bosh masalalaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Bu demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatining eng muhim belgilaridan biri bo‘lib, u davlatning qay darajada rivojlanganini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos mezondir. Ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida inson huquqlari masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu ham davlatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy tizimining ustuvor yo‘nalishi va maqsadidir. 

Shuningdek, yig‘ilishda takomillashtirilayotgan Konstitutsiyada «ma’muriy, fuqarolik, iqtisodiy, jinoiy javobgarlik va boshqa yo‘nalishdagi ishlarni ko‘rib chiqishda insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli bo‘lishi hamda shaxsga imkon qadar yengillik yaratishi kerak», degan normaning aks etishi zarurligi e’tirof etildi.

Prezident Bosh qonunimizda O‘zbekistonning har bir fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi, shuningdek, barcha fuqarolarga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi, har bir fuqaroning shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari aynan Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi kerakligiga ham alohida urg‘u berib o‘tdi.

 

Eldor TULYAKOV,

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi

ijrochi direktori.

O‘zA