Surxondaryo viloyatida “Konstitutsiyaviy islohotlar yoshlar nigohida” mavzusidagi uchrashuvlar davom etmoqda.
Viloyat hokimi To‘ra Bobolovning Angor tumani Qo‘shtegirmon mahallasidagi 4-maktabda o‘tkazgan uchrashuvi ham ana shu mavzuga bag‘ishlandi.

Ochiq muloqotda viloyat rahbari Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mamlakatimizni yangi bosqichda rivojlantirishdagi o‘rni, inson qadrini ulug‘lashdagi ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi. O‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilayotgan modda hamda normalar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvda Qadimiy Angor mahallasida yashaydigan Toshpo‘lat bobo Qurbonnazarov, fermer, O‘zbekiston Qahramoni Isaxon Bahramov, Navbahor mahallasi yoshlar yetakchisi Shaxriyor Qahharov va boshqalar Bosh Qomusimizga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar hususida fikr bildirdi. Keyingi yillarda Angor tumani ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuz bergan ulkan o‘zgarish va yangilanishlardan faxr hissini tuyib yashayotganini e’tirof etdi.

– Prezident saylovini besh yildan yetti yilga o‘zgartirish taklifini men ham bergan edim, – deydi Yuqori Tallimaron mahallasi yoshlar yetakchisi Rustam Bozorov. – Dunyoning biron davlatida yoshlarga bunchalik katta imkoniyat berilib, ishonch bildirilmagan bo‘lsa kerak. Har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, yigit-qizlarning har taraflama barkamol voyaga yetishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Yosh tadbirkorlar, iste’dodli yoshlar, ehtiyojmand yigit-qizlar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Endilikda biz barcha imkoniyatlarimizni ishga solib, Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishimiz kerak, xolos.
Ochiq muloqotda “Yosh kitobxon oila” ko‘rik-tanlovi, viloyat hokimi sovrini uchun “Zakovat” intellektual o‘yini va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari o‘rtasida shashka musobaqasi tashkil etildi. Viloyat hokimi Madaniyat mahallasida yashaydigan 1-guruh nogironi O‘rol Allamurodov bilan shashka o‘ynadi. U bilan suhbatlashib, muammolarini so‘radi. Unga nogironlik aravachasi berildi.

Mutasaddilarga ko‘chalarni ko‘zdan kechirib, tekis, ravon yo‘l barpo etish vazifasi yuklandi. Qorasuv mahallasilik ikkinchi guruh nogironi Zafar Toshmurodov yengil konstiruksiyali inshoot qurib, aholiga kompyuter xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishda yordam so‘radi. Bu loyiha homiylik asosida amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Tadbir yakunida “Yosh kitobxon oila” ko‘rik-tanlovi, viloyat hokimi sovrini uchun o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yini va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari o‘rtasida tashkil etilgan shashka musobaqasi g‘oliblari munosib taqdirlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA