Bugungi O‘zbekiston tub islohotlar, ochiqlik va shaffoflik sari dadil qadam tashlayotgan yangi taraqqiyot bosqichiga kirib kelmoqda. Bu jarayonda Konstitutsiya – davlat va jamiyat hayotini tartibga soluvchi eng oliy huquqiy hujjat sifatida muhim strategik ahamiyat kasb etmoqda. Konstitutsiyaviy islohotlar esa faqat huquqiy me’yorlarni yangilash emas, balki inson qadrini yuksaltirish, adolatli jamiyat barpo etish va demokratik tamoyillarni mustahkamlash yo‘lida muhim burilish nuqtasi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilingan bo‘lib, u davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi, xalq hokimiyatchiligi va inson huquqlarining umumiy prinsiplari mustahkamlangan asosiy manba vazifasini bajardi. Biroq, zamon o‘zgarib, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar rivojlanar ekan, huquqiy tizim ham mazmunan yangilanishni talab qildi. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar jamiyat ehtiyojlari bilan uyg‘unlashgan holda shakllandi.
Konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri – inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yanada kuchliroq himoyalash. “Inson qadri uchun” degan g‘oya Konstitutsiya matnida ham, amaliy hayotda ham ustuvor tamoyil sifatida mustahkamlanmoqda. Bu esa davlat organlari faoliyatida inson manfaatlari birlamchi o‘rinda turishini anglatadi. Adolatli sud hokimiyati, mustaqil advokatura, erkin ommaviy axborot vositalari va faol fuqarolik jamiyati aynan konstitutsiyaviy kafolatlar asosida rivojlanmoqda.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat boshqaruvi va vakolatlar taqsimoti masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi mustahkamlanib, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari o‘rtasidagi muvozanat yanada aniqroq belgilanmoqda. Bu holat davlat boshqaruvida samaradorlikni oshiradi, mansab vakolatlaridan noqonuniy foydalanishning oldini oladi, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Konstitutsiyaviy islohotlarning yana bir muhim jihati – ijtimoiy davlat tamoyilining mustahkamlanishi. Ta’lim olish, tibbiy xizmatdan foydalanish, mehnat qilish, munosib turmush kechirish huquqlari davlat kafolati ostida ekani aniq va ravshan ifodalangan. Bu esa ijtimoiy adolat, tenglik va imkoniyatlar muvozanatini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam. Ayniqsa, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarning huquqlari mustahkam kafolatlandi.
Muhimi shundaki, konstitutsiyaviy o‘zgarishlar xalq irodasiga tayangan holda amalga oshirildi. Umumxalq muhokamalari, turli takliflar, fikr va mulohazalar asosida shakllangan yangi tahrir jamiyatning faol ishtirokini namoyon etdi. Bu jarayon fuqarolarning huquqiy ongini oshirishga, Konstitutsiyaga nisbatan hurmat va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlashga ham xizmat qildi.
Xulosa qilib aytganda, konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy maydondagi yangilangan qiyofasini namoyon etmoqda. U nafaqat hozirgi avlod, balki kelajak istiqbolini ham belgilab beruvchi mustahkam poydevordir. Yangi Konstitutsiya — erkin, adolatli, huquqiy va demokratik jamiyat sari tutash yo‘lning mukammal xaritasi. Bu yo‘l esa faqat qonunlar bilan emas, balki har bir fuqaroning ongli ishtiroki, vatanparvarligi va fuqarolik mas’uliyati bilan yanada yorqinlashadi.
Asqar RASULOV,
O‘zDJTSU Ijtimoiy fanlar kafedrasi
katta o‘qituvchisi
O‘zA