Shu kunlarda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Aholining o‘rinli takliflarini inobatga olgan holda qonun loyihasiga yana bir qancha yangi normalar kiritish, uni hayotiy, puxta, pishiq qilib ishlash, shu bilan birga, konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini targ‘ib etish borasida amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar va Mirobod tuman kengashi tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat Filarmoniyasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha “Konstitutsiyaviy islohotlar – yangi davr talabi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Unda partiya Mirobod tuman kengashi raisi I.Nurmuhamedov hamda partiya Toshkent shahar Faxriylar kengashi raisi A.G‘ulomov ishtirokchilarga konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati va mazmun-mohiyatini tushuntirdi. Ushbu yo‘nalishdagi islohotlar oddiy fuqarolar hayotida qanchalik aks etishi haqida fikr va mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, ayollarning jamiyatda tutgan o‘rni, ularni ish bilan ta’minlash, kasbga, tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun berilayotgan imtiyozlar xususida batafsil ma’lumotlar berildi.
M.Komilova,
O‘zA