Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy islohotlar – yangi davr talabi
09:26 / 2022-06-10

Mamlakatimiz barcha sohada taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.

Tub burilishlar davri o‘z navbatida nafaqat amaldagi qonunchilik, balki mamlakat Konstitutsiyasini ham isloh qilish, yangi davr maqsadlarini unda to‘liq aks ettirish vazifasini kun tartibiga qo‘ymoqda. Ayni shu ma’noda Konstitutsiyaviy islohotni bugungi davr taqozosi va talabi, deb aytish mumkin.

Qolaversa, amaldagi Konstitutsiyani isloh qilish fikri va g‘oyasi birdaniga paydo bo‘lgani yo‘q. Davlatimiz rahbari Prezidentlik saylovidan so‘ng Senat binosida bo‘lib o‘tgan inaguratsiyada qilgan nutqi, Konstitutsiyaning 29 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigi, qolaversa, “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” nomli fundamental asarida konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. 

Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari amaldagi Konstitutsiya hozirgi kun talablariga javob berishi, unda yoshlar masalalari bilan bog‘liq talay huquqlar aks etishi maqsadida aniq takliflar ustida ish olib bormoqda.

Konstitutsiyada yoshlar huquqlari ham  har tomonlama mustahkamlanishi zarur. Davlatimiz rahbari BMTning dunyodagi 2 milliarddan ortiq yoshlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan “Yoshlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha dunyo hamjamiyatiga qilgan murojaati va tashabbusini jahon hamjamiyati va yoshlari qo‘llab-quvvatlamoqda.

Konstitutsiyada onalik va bolalik, xotin-qizlar va erkaklar huquqlari mustahkamlangan, ammo yoshlar huquqlariga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.  

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 37-moddasida “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir. Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi” deyilgan. Mana shu moddada faqat majburiy mehnat emas, balki bolalar mehnatini ham taqiqlash lozimligi to‘liq aks etishi kerak.

Oila instituti fuqarolik jamiyatining asosiy omillaridan biri sanaladi. Shu bois Konstitutsiyada oila institutiga alohida bob ajratilgan. Konstitutsiyaning 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi” deyilgan. Bu yerda tomonlarning iborasi o‘rniga “ayol va erkakning ixtiyoriy xohishiga asoslangan ittifoq” deb aniq-tiniq yozilishi kerak.

Konstitutsiyaning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deyilgan. Ushbu moddaga ta’limning barcha shakli - MTM, maktab, maktabdan tashqari, oliy, oliy ta’limdan keyingi ta’lim kiritilishi kerak.

Konstitutsiyaning 65-moddasida “Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik  holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi” deyilgan. Ushbu moddaga otalik ham davlat himoyasida ekani kiritilishi lozim.

Sevara Mahmudova, 

Oliy Majlis Senati huzuridagi  

Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari

O‘zA