French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy islohotlar va amaliy qadamlar
18:22 / 2026-02-03

Munosabat

Yurtimizda mahalliy davlat hokimiyati tizimida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda 2025 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni dastur vazifasini bajarmoqda.

Qonun Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilgan bo‘lib, mahalliy hokimiyat organlarining samaradorligini oshirish, vakolatlarni aniq taqsimlash va aholining qaror qabul qilish jarayonidagi rolini kuchaytirishga qaratilgan. Ushbu hujjat davlat boshqaruvi tizimini isloh qilishning mantiqiy davomi hisoblanadi. 

Yangilangan Konstitutsiyamizda mahalliy hokimiyatga oid yangi yondashuvlar belgilangani sababli, amaldagi qonunchilikni moslashtirish zarurati yuzaga keldi. Qonun mahalliy davlat hokimiyatining yangi modelini, ya’ni hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga asoslangan tizimni huquqiy jihatdan mustahkamlaydi. Bu modelda vakillik hokimiyati (xalq deputatlari mahalliy Kengashlari) va ijro etuvchi hokimiyat (hokimliklar) o‘rtasidagi vakolatlar aniq ajratiladi, ularning bir shaxs yoki institutda jamlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Bunday o‘zgarishlar turli sohalarni qamrab olgan holda, mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlarini “Kuchli Kengash, hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida qayta taqsimlaydi. Jumladan, asosiy o‘zgarishlarni quyidagicha guruhlash mumkin. 

Ekologiya va tabiatdan foydalanish sohasida mahalliy ijro etuvchi organlar mintaqa ekologiya dasturlarini ishlab chiqadi, vakillik organlari ularni tasdiqlaydi va nazorat qiladi. Vakolatlar aniq ajratilib, atrof-muhitga zarar yetkazadigan ob’ektlar faoliyatini to‘xtatish tartibi sud orqali amalga oshiriladi. 

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohasida mahalliy organlar sog‘liqni saqlash dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, vakillik organlari nazorat qiladi. Iqtisodiyot va mulk huquqi sohasida mahalliy ahamiyatga ega mulkni boshqarish, to‘lovga qobiliyatsizlik va kadastrlar bo‘yicha vakolatlar aniqlangan, davlat mulkini ijaraga berish tartibi yangilangan. 

Ta’lim, ilm va madaniyat sohasida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va nazorat qilish vakolatlari taqsimlangan, ilm-fan va madaniyat merosi muhofazasida mahalliy organlar roli oshirilgan. Bundan tashqari favqulodda vaziyatlar, arxiv ishi, turizm va innovatsiyalarda vakolatlar muvozanatli taqsimlanib, mahalliy organlarning hududiy dasturlarni ishlab chiqish roli kuchaytirilgan. 

Qonunda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari ko‘p hollarda “ishlab chiqish va amalga oshirish” bilan cheklangan bo‘lsa, vakillik organlari “tasdiqlash va nazorat” funksiyalariga ega. Xususan, “mahalliy davlat hokimiyati organlari” o‘rniga “mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari” va “mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari” ifodalari ishlatilmoqda. 

Konstitutsiyamizning 120-moddasiga asosan, viloyat, tuman va shahar hokimi bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashi raisi lavozimini egallashi mumkin emas. Ushbu norma tuman (shahar) darajasida 2026 yil 1 yanvardan amal qila boshladi. Shu munosabat bilan 2025 yil 29-30 dekabr kunlari mamlakat bo‘ylab 208 ta tuman va shaharda xalq deputatlari Kengashlarining navbatdan tashqari sessiyalari o‘tkazildi. Sessiyalarda raislar ochiq va shaffof tartibda saylandi.

Mamlakatimizning demokratik rivojlanishida muhim qadam sanalgan islohotlar eng, avvalo, hokim va Kengash raisi lavozimlarini ajratish hokimiyatlar bo‘linishi tamoyilini mahalliy darajada amalga oshirish bilan bir qatorda, markazlashgan boshqaruvdan muvozanatli va ochiq tizimga o‘tishni ta’minlaydi. 

2025 yil 23 iyunda qabul qilingan Prezident farmoniga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanib, unda Kengashlarning nazorat roli kuchaytirilgan. Bu konsepsiyada 33 ta vazifa, jumladan, byudjetni rejalashtirish va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi vakolatlar belgilangan. Umuman olganda, deputatlarning roli oshib, mahalliy masalalarda saylovchilarning ovozi eshitilishiga zamin hozirlandi. 

Islohotning muvaffaqiyati kechishi mazkur jarayonda hokimliklarning hisobdorligini ta’minlash, Kengashlarning mustaqilligini saqlash va aholining faol ishtirokini rag‘batlantirish muhimdir. Shuningdek, mahalliy Kengashlar o‘z vakolatlarini to‘liq bajarish uchun mustaqil va professional bo‘lishi lozim. 

Xulosa qilib aytganda, mazkur islohot mahalliy davlat hokimiyatining samarali va ochiq tizimini yaratishga xizmat qiladi, vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi vakolatlar taqsimoti mamlakatda demokratik jarayonlarni mustahkamlaydi. 

Maqsad Isaboyev,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi,

siyosiy fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.

O‘zA.