English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy islohotlar: tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishi mumkin
18:24 / 2023-03-06

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar o‘z mazmun-mohiyati bilan «inson – jamiyat – davlat» degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish doirasida 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgan. Turli yo‘nalishdagi ushbu taklif va mulohazalar ishchi guruhi hamda ekspertlar tomonidan o‘rganilib, muayyan talablar asosida saralab olish ishlari davom ettirilmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, mulk daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan normalar o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra, tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni mustaqil tanlashi va amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi bo‘yicha davlatning majburiyatlari belgilanmoqda.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tadbirkorlik sub’ektlari soni ortdi. Jumladan, 2016 yilga nisbatan kichik biznes tadbirkorlari soni 2,5 barobar oshdi. Turli yo‘nalishlarda faoliyat olib boruvchi ishbilarmon doira vakillari uchun soliq imtiyozlari, preferensiya va imtiyozli kreditlar taqdim etilayotgani ularning faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bilan barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, tadbirkorlarning erkin faoliyat yuritishi kafolatlanishi hamda qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishlari uchun imkon yaratilishi tadbirkorlarga katta madad bo‘ladi. Ularga o‘z faoliyatini yanada kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashishda qulaylik yaratadi.

M.Komilova, O‘zA