Konstitutsiya — barcha qonunlarning negizi bo‘lib, fuqarolarning munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga xizmat qiladi. U har bir inson, fuqaroning huquqiy xulq-atvorini belgilab beradi. Uni bilmay turib, huquqiy madaniyatga erishib bo‘lmaydi.
Shuningdek, har bir mamlakat Konstitutsiyasi zamonga, dunyodagi globallashuv jarayonlariga, aholining talab va istaklari, ehtiyojlarining o‘zgarishlariga qarab takomillashtirib boriladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklarda qaysi mamlakatda konstitutsiyaviy o‘zgarishlar amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘sha davlatda qonun ustuvorligi ta’minlangani, jamiyatda jamoat nazorati kuchaygani, ijtimoiy adolat tamoyillari samara bergani, biznes sub’ektlari uchun iqtisodiy erkinlik sharoitlari kafolatlanganini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, xorijiy konstitutsiyaviy o‘zgarishlar jamiyatdagi ekologiya, qadriyatlarning kamsitilishi, millatlararo totuvlik muammolari, xavfsizlik, inson qadri, umuminsoniy qadriyatlarni yuqori qo‘yish kabi yo‘nalishlardagi talablar asosida kiritilgan.
Jumladan, mutaxassislar tahliliga ko‘ra, Slovakiya Respublikasi xavfsizlikni mustahkamlash hamda bu borada fuqarolarning huquq va burchlari masalasida 1992 yildagi Konstitutsiyasiga 2015 yil dekabrda 17-moddasiga «terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni politsiya 96 soatgacha (oldin 48 soat edi) ushlab qolishi belgilandi. Yoki Fransiyada 2015 yil 13 noyabrda terrorchilik harakatlari sababli Millatni himoya qiluvchi konstitutsiyaviy qoida kiritildi.
2019 yilda Chilida ham xalq fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilib, 1980 yilda qabul qilingan konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishga erisha oldi. Shu tariqa, 2020 yil 25 oktyabrda Chilida referendum bo‘lib o‘tdi, 2022 yilda esa qoidalar amalga osha boshladi. Bu siyosiy jarayonlar Chilining fuqarolik jamiyati rivojlanishida katta voqea bo‘ldi.
Malayziya Federatsiya Respublikasi Konstitutsiyasi 1957 yil qabul qilingan bo‘lib, unga 1963 yil birinchi marotaba, jami 42 marotaba o‘zgartirish kiritilgan ekan. Ular asosan fuqarolik burchi va huquqlari, yoshlar masalasi, deputatlar qasamyodi, senatorlarni saylash va tayinlash tartibi kabi masalalarga qaratilgan.
1992 yilning 8 dekabrida Respublika Oliy Kengashida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi respublikada ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlar davomida hozirgi kunga qadar 15 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
Xususan, yaqin yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar e’tiborga molikdir.
2017 yilning o‘zida Konstitutsiyamizga uch marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu yilning 6 apreldagi qonun bilan Konstitutsiyaning sud hokimiyatiga taalluqli normalariga (80, 81, 83, 93, 107, 110, 111- moddalariga), 31 maydagi qonunga asosan 80, 93, 108 hamda 109-moddalariga, 29 avgust qonuni bilan Asosiy qonunimizning 99, 102- moddalariga o‘zgartirish kiritildi.
Ushbu o‘zgartishlar sud hokimiyatining nufuzini yanada oshirdi, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari sud orqali ishonchli himoya qilinishini ta’minlashning konstitutsiyaviy kafolatlari kuchaytirildi.
Mazkur konstitutsiyaviy tuzatishlarga muvofiq sud tizimida iqtisodiy va ma’muriy sudlar tuzildi, Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ishi yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organiga – O‘zbekiston Oliy sudiga birlashtirildi.
Asosiy Qonunga kiritilgan yana bir muhim o‘zgartirishlarga muvofiq sud-huquq tizimida yangi institut – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi joriy etildi. Sudyalar Oliy kengashining konstitutsiyaviy maqomi – 111-moddaning yangi tahriri bilan aniq mustahkamlab quyildi.
Bundan tashqari, Harakatlar strategiyasiga asosan 2017 yil 31 mayda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, shuningdek sud hokimiyatining mustaqilligi, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi vakolat doiralari qayta ko‘rib chiqildi.
2019 yil 4 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96, 117- moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
2021 yil 8 fevralda Bosh qomusimizning 107-moddasida sud tizimida muvofiqlashtirilish, quyi sudlar tizimida tumanlararo ma’muriy sudlarni tashkil etish masalalari o‘zgartirish sifatida kiritildi.
Konstitutsiyamizga kiritilgan bu o‘zgartirish va qo‘shimchalar unda belgilangan asosiy maqsad – huquqiy davlat qurishdan kelib chiqib, davlat boshqaruvini erkinlashtirish, davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, xalq, inson manfaatini yanada kuchli, ishonchli himoya qilishdir.
Konstitutsiyamizning tegishli normalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi bu konstitutsiyamizning majoziy ma’noda kuchsizlanishiga emas, aksincha, bu muhim huquqiy hujjatning yanada takomillashuviga, xalq manfaatlarining kafolatlanishiga va hayotiy zaruratning aks etishiga xizmat qiladi.
bugungi kunda jamiyatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, globallashuv jarayonlari tezlashishi, mamlakatimizning bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayoni faollashuvi davlatimizning amaldagi konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish lozimligini hayotiy zaruratga aylantirdi.
Sababi, o‘tgan yillar davomida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish jarayonida aholini ijtimoiy himoya qilish bilan bog‘liq muammolarni hal etishda amaldagi qonunchiligimizda bir oz bo‘shliqlar mavjudligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Mazkur bo‘shliqlarni to‘ldirish, qonunchiligimizni takomillashtirish orqaligina Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish mumkin.
Xususan, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan va mantiqiy ketma-ketlikda amalga oshirilayotgan ishlar, birinchi navbatda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani, inson manfaatlariga to‘liq javob berish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini himoya qilish nuqtai nazardan amaldagi Konstitutsiyaga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish ehtiyojini yuzaga keltirmoqda.
Bu islohot chin ma’noda hayotiy zarurdir. Zero, mamlakatimizning har tomonlama ravnaq topishida, odamlarning baxtiyor yashashida Bosh qomusimiz mayoq bo‘lib, xalqimizning tinch, obod va farovon hayotini ta’minlash, jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Shoira Ermetova,
Toshkent viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha
Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi.
O‘zA