Jizzax politexnika institutida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
“Kontsitutsiyaviy islohotlar – inson sha’ni va qadr-qimmati uchun” mavzusida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi Bahrom Abduhalimov, partiyaning viloyat Kengashi raisi Orif Shukurov, mahalliy Kengash deputatlari, institutning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida so‘z olganlar mamlakatimizdagi muhim siyosiy voqelik – referendumning ahamiyati, yangi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasi hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasidagi islohotlar, unga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, yangilanayotgan Bosh qomusimizning muhim jihatlari haqida, uni qabul qilish zaruriyati, referendumni o‘tkazish tartibi yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – xalq xohish-irodasining ifodasi sifatida yanada to‘laqonli va mukammal Asosiy qonunga aylanayotgani, yangicha mazmun kasb etayotgan Bosh qomusimizning har bir moddasi fuqarolarimizning sha’ni, qadr-qimmati, sog‘ligi, ta’lim olishi, mehnat qilishi va butun hayoti hamda uning har bir jihati uchun daxldor ekanligi alohida ta’kidlandi.

– Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda birgina ta’limga oid normalarning ikki barobarga ortgani, unga inklyuziv ta’lim olish huquqi haqidagi modda kiritilgani alohida e’tiborga va e’tirofga molik, – deydi institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Sanobar Eshbekova. – “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi mamlakatimizning Asosiy qonuni loyihasini chuqur o‘rganish, bo‘lajak referendumda o‘z xohish-istagimizni namoyon bildirish Vatan oldidagi fuqarolik burchimizni anglatadi. Zero, shuning uchun ham yangilanayotgan konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga befarq bo‘lmasligimiz va har birimiz, shaxsan joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda avangardlar qatorida ishtirok etishimiz shart va lozim, deb o‘ylayman.

Targ‘ibot tadbirida talaba-yoshlar va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxasislardan batafsil javoblar oldi.
Shundan so‘ng, mehmonlar institutdagi laboratoriyalar, kampus hududidagi obektlarda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirilib, yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA