Navoiy viloyati bojxona boshqarmasida “Adolat” SDP viloyat Kengashi hamkorligida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati, uning Vatanimiz taraqqiyoti, jamiyatimiz rivojidagi ahamiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda joriy yilning 30 aprel kuni “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Davra suhbatida Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Rustam Hayitov yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, yangi tahrirga asosan, O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi moddalar soni hozirgi 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilyapti. 128 ta moddaning 91 tasiga konseptual o‘zgarishlar kiritilmoqda.
– Konstitutsiyamizga kiritilayotgan normalarni 4 toifaga bo‘lish mumkin, – deydi R.Hayitov. – Bu toifalarning birinchisi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalardir. Bunda aybsizlik prezumpsiyasiga yanada aniqlik kiritilmoqda. Xususan, Konstitutsiyamizning amaldagi 26-moddasida shaxsning ishi sudda ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi belgilangan bo‘lsa, endilikda 28-moddada sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha u aybsiz hisoblanishi mustahkamlanmoqda. Ikkinchisi toifa sohaviy qonunlarimizda mavjud ayrim normalar ham Konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda. Shuningdek, Konstitutsiyamizga ko‘plab konseptual yangi normalar va lingvistik ekspertiza xulosasi asosida tahririy tuzatishlar kiritilmoqda.

Konstitutsiyaga milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilmoqdaki, bunda davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlanishi mustahkamlanmoqda. Mazkur norma investorlarning ishonchini mustahkamlashga, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanmoqda.
Tadbirda ishtirokchilar ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi muhim voqelik – referendum yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Yakunda bojxona xodimlari o‘z huquqlaridan foydalangan holda yurtimizda o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishini ta’kidladi.

A.Bo‘riyev, O‘zA