Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy islohotlar: fuqarolarning iqtisodiy huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan takliflar ilgari surildi
17:09 / 2022-06-05

Andijon davlat universitetida “Konstitutsiyaviy islohotlar – davr talabi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi tashabbusi bilan viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, deputatlar, partiya faollari, tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.

Davra suhbatida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish, erkin, demokratik fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, konstitutsiyaviy asoslarni takomillashtirish xususida fikr almashildi. Bosh qomusimizni jamiyatdagi real voqelikka, demokratik islohotlar jarayoniga moslashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida hamda Konstitutsiya kuni munosabati bilan bayram tabrigida bildirilgan takliflarga alohida e’tibor qaratildi.

– So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy-huquqiy demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi O’zLiDeP Andijon viloyati Kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova. – Bugun globallashuv, raqamlashtirish, iqlim o‘zgarishi, jadal taraqqiy etib borayotgan davr talabi asosida mamlakatni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash borasida dolzarb, yangi-yangi vazifalar kun tartibiga qo‘yilmoqda. Ana shundan kelib, konstitutsiyamizni bugungi kun talabiga moslashtirish hayotimizning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlaydi, qolaversa, taraqqiyotning yuqori bosqichlariga ko‘tarilishga keng yo‘l ochadi.

Tadbirda konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida ustuvor darajada e’tibor qaratish lozim bo‘lgan qator dolzarb masalalar, jumladan, fuqarolarning iqtisodiy huquqlarini eng muhim va zarur sharti sifatida xususiy mulk himoyasi, yer va foydali qazilmalar daxlsizligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan mazkur va boshqa qator masalalar bo‘yicha asosli takliflar bildirildi.

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA