Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy islohotlar “erkin harakatlanish” huquqimizni ta’minlab bera oladimi?
23:47 / 2022-06-24

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuv jarayonida shaxsning erkin harakatlanish huquqini Bosh Qomusimizda kengroq aks ettirish masalasida bildirgan so‘zlari e’tiborimni tortdi.

Xususan, “Bilasizlarmi, meni ko‘p yillardan buyon qiynab kelgan yana bir masala bor edi, u ham bo‘lsa “propiska”, degan muammo. Odamlarimizni, ularning huquqlarini kamsitadigan bunday holatni bartaraf etish uchun biz yo‘llardagi nazorat postlarini, “propiska”, degan narsani yo‘q qildik. Kelgusida bunday to‘siqlarni tizimli hal etish uchun har bir O‘zbekiston fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi shart. Har bir fuqaroga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim”, – deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Haqiqatan ham erkin harakatlanish – insonning ajralmas huquqidir. Inson huquqlari orasidagi muhimi hisoblangan shaxsning erkin harakatlanish va yashash joyini erkin tanlash huquqi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro paktlarda belgilangan bo‘lib, insonning oliy ne’matlari qatoriga kiritilgan. Shu bois, mazkur huquq va erkinliklar dunyoning demokratik rivojlangan davlatlarining konstitutsiyalarida kafolatlangan.

Mamlakatimiz tarixida shaxsning erkin harakatlanish huquqini cheklovchi qonun normalari va huquqiy institutlar bo‘lgani hech kimga sir emas. Pasport nazorati, “propiska” rejimi, mamlakatdan chiqish va unga kirish uchun qator instansiyalardan tekshiruvlardan o‘tish va ruxsat olish kabi insonning harakatlanishini cheklovchi qator qoidalar shular jumlasidandir. Masalan, Sobiq Ittifoqning 1924, 1936, 1977 yillardagi Konstitutsiyalarida mazkur huquqning o‘zi bo‘lmagan, fuqaro yashash joyi bo‘yicha “propiska”ga o‘tkazilgan. Demak, fuqaroni uning yashash va mehnat qilish joyi bilan mustahkam bog‘lovchi omil bo‘lib kelgan.

Mustaqil O‘zbekistonning 30 yil oldin qabul qilingan Konstitutsiyasida ilk bor “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqi” belgilandi. Shu bilan birga, “qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir”, degan qoida mamlakatimiz fuqarolari uchun ayrim qonun va qonunosti hujjatlar orqali “erkin harakatlanish”ini cheklab quydi. Bu nimada namoyon bo‘ldi?

Avvalo, 2018 yillargacha mavjud bo‘lgan “propiska” tizimi shaxslarning boshqa huquqlarini cheklab quydi. Masalan, mehnat qilish huquqi ushbu tizim bilan bog‘lab quyildi. Xususan, oldin Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mavjud bo‘lgan vaqtincha yoki doimiy “propiska”siz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun javobgarlikka tortish shular jumlasidandir. Bank xizmatlaridan foydalanish, xususan, qarz, ipoteka, valyuta ayirboshlash kabi xizmatlar shaxsning “propiska”siga qarab berilardi. Ushbu tizimning mavjudligi korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqarardi.

Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar kirib bormagan soha qolmadi. Shular qatorida pasport va “propiska” tizimi ham tubdan takomillashtirildi. Ayniqsa, ushbu sohaga axborot texnologiyalarining chuqur kirib borishi, ushbu sohadagi davlat xizmatlarini elektron maydon orqali amalga oshirish imkoniyatlari ko‘paytirilgani aholiga juda ham qo‘layliklar yaratdi. Vaqt va xarajatlarni tejash, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish uchun zamin yaratildi.

Shuningdek, mehnat qilish, moliya va bank xizmatlari, uy-joyni sotib olish uchun “propiska” bilan bog‘lab beruvchi qoidalarning chiqarib tashlanishi jahonda umume’tirof etilgan “erkin harakatlanish” huquqini ruyobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Xorijiy davlatlarning ushbu sohadagi qonun hujjatlariga nazar tashlasak, shaxsning “erkin harakatlanish”, “yashash joyini tanlash” huquqlari qadriyat sifatida Asosiy qonunlarda eks etgan. Mazkur normaning Konstitutsiyada belgilanishi tarixda ilk marotaba 1791 yili Fransiya Respublikasining qonunida quyidagicha aks ettirilgan: “ushlab turish yoki qamoqqa olish tahdididan qo‘rqmasdan erkin harakatlanish, o‘z joyini tark etish yoki o‘z joyida qolish mumkin, konstitutsiyada nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno”.

Kanadaning konstitutsiyaviy hujjatida “erkin harakatlanish” huquqi ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar qatoriga kiritilgan bo‘lib, unda fuqaro qaysi provinsiyada bo‘lishidan qat’i nazar, mehnat qilish, bir xil mehnat sharoitida ishlash va haq olish, ijtimoiy yordam olish kabi huquqlar bilan chambarchas bog‘lab qo‘yilgan.

Buyuk Britaniyada konstitutsiya nomli qonun mavjud bo‘lmasa ham inson huquqlari va erkinliklari quyidagi mazmundagi qoida bilan aks etgan: “Fuqaro jinoyat huquqida nazarda tutilgan taqiq va qoidalar yoki boshqa fuqarolarning huquqlarini bo‘zmasa, o‘zi xohlagan joyga borishi va kirishi mumkin”.

Shaxsning erkin harakatlanish huquqlarining kafolati deyarli barcha davlatlarda u yoki bu shaklda aks ettirilgan. Nazarimizda, bugungi kunda mamlakatimizning rivojlanish bosqichida olib borilayotgan izchil islohotlar, shu jumladan, konstitutsiyaviy islohotlarning zamirida “Inson qadrini ulug‘lash” tamoyili turar ekan, Bosh qonunimizning “Shaxsiy huquq va erkinliklar” deb nomlanuvchi bobini O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanishi, yashash joyini erkin tanlash huquqi, shuningdek, har bir fuqaroga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda mamlakat hududidan to‘siqlarsiz chiqish va unga qaytib kelish huquqini belgilash vaqti yetib keldi.

Ushbu qoidaning Konstitutsiyaga kiritilishi har bir shaxsning tabiiy huquqlarining ruyobga chiqishining huquqiy poydevori bo‘lib, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida ijobiy imijining shakllanishiga xizmat qiladi.

Saxipjamal DJOLDASOVA,

yuridik fanlar nomzodi,

O‘zbekiston Respublikasi

Ichki ishlar vazirligi bo‘lim boshlig‘i