Mamlakatimiz va xalqimiz hayotida muhim siyosiy voqelik – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zamon talablaridan, fuqarolarimiz istak va xohishlaridan kelib chiqib, o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali uni yanada takomillashtirishga qaratilgan demokratik islohotlar yuz bermoqda.
Mazkur jarayonlarda O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan joylarda, partiyaning turli bo‘g‘inlarida, respublikamizdagi turli vazirlik va tashkilotlarda, ta’lim muassasalarida faollar, yoshlar va xotin-qizlar ishtirokida konferensiyalar, davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan ma’lumot berilmoqda, ularning fikr va takliflari o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston “Adolat” SDP Markaziy apparati tashabbusi bilan Toshkent tibbiyot akademiyasida o‘tkazilgan “Konstitutsiyaviy islohotlar – davr talabi” mavzusidagi konferensiya ham ayni maqsadda tashkil etildi. Tadbirda Yangi O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati, aholining keng qatlami, ayniqsa, yoshlarning huquqiy va siyosiy madaniyatini mustahkamlash, faol fuqaroviy pozitsiyasini oshirish, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha shu kunga qadar berilgan takliflar tahlil qilindi.
Tadbirni Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Shodmonov kirish so‘zi bilan ochib, konstitutsiyaviy islohotlarning ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov davlatimiz va jamiyatimizda sodir bo‘layotgan muhim o‘zgarishlar qatorida Konstitutsiya ham mamlakat rivojiga monand ravishda, xalqning manfaatlarini to‘liq ko‘zlagan holda takomillashib borishi zarurligi va shundagina Bosh qomus xalqning xohish-irodasini o‘zida to‘laqonli aks ettira olishi borasidagi fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, mazkur jarayonlarda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining ishtiroki, takliflari hamda targ‘ibot tadbirlari borasida ham to‘xtalib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti Yig‘ma axborot-tahlil va nazorat bo‘limi boshlig‘i Akbarshox Teshaboyev “Konstitutsiyaviy islohotlar — inson qadri uchun” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi o‘z nutqida Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish davomida inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan qator normalar o‘z ifodasini topayotganiga e’tibor qaratdi.
Konferensiya davomida partiya faollari va ishtirokchilar mazkur jarayonlar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor takliflarini bildirdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA