Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!
Mustaqilligimizning 33 yilligi keng nishonlanayotgan ayni kunlarda barcha tashkilot va idoralarda, jamoalarda ushbu ayyom munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan «Mustaqillik yillarida parlament va sud hokimiyatining o‘zaro hamkorligi» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, cud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, sud-huquq sohasini yanada demokratlashtirish, Konstitutsiya ustuvorligi, qonun oldida tenglik, insonparvarlik, adolatlilik, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, sud jarayonida tortishuv tamoyillarini tatbiq etish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar majmui qabul qilindi.
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilandi. Aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish maqsadida «Xabeas korpusi» instituti kengaytirilib, tergov ustidan sud nazorati yanada kuchaytirildi.
Jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek, dastlabki tergovning eng ko‘p muddati 1 yildan 7 oyga qisqartirildi. Sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qo‘llash huquqi berildi, – dedi deputat D.Ismoilov.
Tadbirda deputat Davron Aripov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 2010-2014 yillarda Oliy sud tomonidan 7 ta, Oliy xo‘jalik sudi tomonidan 4 ta qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan bo‘lsa, 2015-2019 yillarda ushbu ko‘rsatkich 40 tani, 2020 yildan 2024 yilning yarim yilligi yakuniga ko‘ra 35 tani tashkil qilgan. Shuningdek, Oliy sudning sudyalari va xodimlari Qonunchilik palatasining siyosiy partiyalari fraksiyalari, qo‘mitalar va komissiyalar tomonidan o‘tkazilgan 100 dan ortiq uchrashuv, konferensiya, seminarlar, davra suhbatlari va qonun loyihalarining muhokamalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Sud tizimiga oid normativ-huquqiy hujjatlar islohotlarga mos ravishda yangilanmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA