So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson sha’ni, qadr-qimmati va manfaatlarini ishonchli himoya qilish masalalari mutlaqo yangi bosqichga chiqdi, deb bemalol ayta olamiz. Bu borada davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir. Zero, bu demokratik huquqiy jamiyatning asosiy talablaridan biridir. Bundan bir yil avval o‘tkazilgan umumxalq referendumi orqali amalga oshirilgan xalqchil konstitutsiyaviy islohotning natijasida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan yangi norma va prinsiplarning asosiy maqsad va mazmuni ham aynan inson huquq va erkinliklarini, aholi uchun yaratiladigan shart-sharoit va imkoniyatlarni yanada kengaytirish va ta’minlash, Yangi O‘zbekistonning “Inson qadri uchun” bosh tamoyiliga har tomonlama xizmat qilishiga qaratilgandir.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume’tirof etilgan norma va prinsiplarga qat’iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatdir”, - deya davlatchiligimizning bosh maqsadini bayon qilganlarida “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “inson qadri uchun”, “inson manfaatlari”, “din va e’tiqod erkinligi” kabi bir qator fundamental demokratik tushunchalarning real hayotdan tobora mustahkam o‘rin olishi O‘zbek davlatchiligining mazmun-mohiyatida yangi imkoniyat va qadriyatlar shakllanayotganiga dalildir.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, so‘z va diniy e’tiqod erkinligi, gender tenglik bo‘yicha erishayotgan yutuqlarimiz nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan izchil hamkorlikda davom ettirilib, o‘zbekistonliklarning hayot mazmuniga aylanib bormoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida Asosiy Qonunimizga shunday muhim g‘oya va qoidalarni aks ettiruvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildiki, ular inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat deb tan olgan O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqining irodasini ro‘yobga chiqarish, davlat va jamiyat taraqqiyoti mafkurasi, O‘zbekiston xalqining konstitutsiyaviy-huquqiy ijodkorligining o‘ziga xosligini aks ettiruvchi konstitutsiyaviy qadriyatlarni belgilab berdi.
Birinchidan, mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot xalqimizning xohish-istagiga mosligi, unda xalqimizning ezgu maqsadlari ifodasi o‘z aksini topgani, Yangi Bosh Qomus mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomi ekanligini ta’kidlab o‘tish lozim. Aynan shu sabab mazkur yangi konstitutsiyaviy yangilanish xalqimiz tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Har bir taklif va tavsiyalarning fuqarolik jamiyati institutlari, siyosiy partiyalar, mahallalar hamda ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari hamda oddiy insonlar ishtirokida ko‘rib chiqilgani uning insonparvarligi, xalqchilligi va ishonchliligini yanada orttirish uchun muhim omil bo‘ldi.
Ikkinchidan, butun xalqimiz ko‘magida amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni vujudga keltirdi.
Xususan, jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar natijasida Konstitutsiyaga kiritilgan “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili mustahkamlandi, mazkur islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishi ta’minlandi, xususiy mulk daxlsizligi, yerga egalik huquqi, fuqarolik jamiyati institutlari o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish kabi tamoyil va qoidalar yurtimiz huquqiy maydonida yangi mazmundagi demokratik huquqiy davlatchilik belgilari ta’sis etilganini anglatadi.
Uchinchidan, yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalqimizning eng muhim hoxish istaklari aks etgan va davlatimiz rahbarining “insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak”ligi tamoyillari asos qilib olinganini yaqqol ko‘rish mumkin. Bosh qonunimizning tegishli moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarda “inson-jamiyat-davlat” prinsipi uning o‘zagini tashkil etadi. Bu milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi. Bosh qomusda O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlatligi, “inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi” etib belgilandi.
To‘rtinchidan, konstitutsiyaviy islohot natijasida “Inson qadri uchun” tamoyilini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan, fuqarolarning mehnat, ijtimoiy va ekologik huquqlarini, jumladan, ehtiyojmand qatlamlar huquqlarini konstitutsiyaviy jihatdan kafolatlash mexanizmlarini yanada kuchaytirildi.
Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rishi belgilandi. Ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi, pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordam ko‘rsatishning boshqa turlarini tayinlashi mustahkamlanmoqda.
Beshinchidan, Konstitutsiyaga kiritilgan yangi normalar jamiyatdagi eng muhim institut – oila institutini mustahkamlashga qaratilgan, bunda nikoh ayollar hamda erkaklarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi, davlat oilani to‘laqonli rivojlantirish uchun zarur ijtimoiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratishi, ko‘p bolali oilalarga imtiyozlar hamda ijtimoiy kafolatlar berilishini ta’minlashi, shuningdek, bola manfaatlari, jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanishi ilg‘or progressiv qadam ekanligini e’tirof etish lozim.
Oltinchidan, mamlakatimiz kelgusi hayoti uchun o‘ta zarur yo‘nalish, ya’ni ta’limni, ilm-fanni, millatni va jumladan, yoshlarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning aniq konstitutsiyaviy kafolatlari mustahkamlandi. Bu, davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlashi, davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashishi, har bir bolaning umumiy o‘rta ta’limga doir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini, davlat bepul umumiy o‘rta ta’limni, shuningdek, tanlov asosida davlat ta’lim tashkilotlarida bepul oliy ma’lumot olish huquqini yanda mustahkamlab, alohida ehtiyoj va individual imkoniyatlarga ega bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiyani tashkil etilishi belgilab berildi.
Yettinchidan, jamiyatda o‘qituvchining maqomi va o‘rniga bag‘ishlangan alohida modda kiritilishi, O‘zbekistonda o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilishi mustahkamlandi. Xususan, Konstitutsiyaning 52-moddasida “davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi” degan norma mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq pedagoglarning ijtimoiy mavqeini mustahkamlash, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish va kasbiy o‘sishini ta’minlash imkoniyatini yaratadi.
To‘g‘risi keyingi 7-8-yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ma’ruzalarida ilgari surilgan muhim tashabbuslar, bir qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilinishi, qator qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilish barobarida amalga oshirilgan ishlar natijasida konstitutsiyaviy islohot orqali Asosiy qomusimizga aynan inson huquqlari va erkinlari bilan bog‘liq tizimli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ayni vaqtda mamlakatimizda yangilangan Konstitutsiya normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash, xalqimiz bugun yaxshi yashashi uchun shart-sharoit yaratish shart bo‘lgan zamonda yashamoqdamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan islohotlarning muhim yo‘nalishlarida inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, uni qonuniy jihatdan mustahkamlash eng ustuvor vazifa etib belgilangandir. Zero, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, inson qadri muqaddas qadriyat hisoblanib, - “...inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”.
Muxtasar qilib aytganda, yurtimizda kechayotgan ulkan konstitutsiyaviy islohotlar va yangilanishlar davrida inson huquqlarini himoya qilishni eng ustuvor vazifalardan biriga aylantirish orqali O‘zbekistonda demokratik islohotlarni faol davom ettirishimiz davr talabidir. Zero, bu Yangi O‘zbekistonimiz taraqqiyotiga, mamlakatimiz milliy manfaatlariga xizmat qiladi. Ishonchimiz komilki, ezgu niyatlar va xalqimizning faolligi hamda yakdil qo‘llab-quvvatlashi orqali amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot – Yangi O‘zbekistonda yurt ravnaqi va obodligi, vatan tinchligi, xalqimiz farovonligi hamda jamiyatda inson huquqlarining ishonchli kafolatlash mexanizmlarini yanada mustahkamlanishiga samarali xizmat qiladi.
Akmal Raxmanov,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi sudyasi, yuridik fanlar nomzodi,
O‘zA