Urganch shahrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya ish rejasiga binoan “Inson – jamiyat – davlat” konstitutsiyaviy tamoyilini amalga oshirish: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Barqaror rivojlanish markazi” NNT, Davlat va huquq instituti hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida tashkillashtirildi.
Konferensiyaning bosh maqsadi inson, uning hayoti, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligi tamoyili hamda “Davlat – inson uchun” va “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladi” degan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha milliy va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, muhokama qilish va mazkur tamoyillarni konstitutsiyaviy qonunchilik va amaliyotda mustahkamlash borasida har tomonlama asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Oflayn va onlayn formatlarda o‘tkazilgan mazkur xalqaro tadbirda 30 dan ziyod xorijiy mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar, Toshkentdagi diplomatik korpus vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud vakillari, Konsitutsiyaviy komissiya a’zolari, huquqshunos olimlar, akademik hamjamiyat, siyosiy partiyalar hamda fuqarolik jamiyati instituti vakillari qatnashdi.
Konstitutsiyaviy islohot: xalqimiz talabi va islohotlar
davomiyligini ta’minlash zarurati
Forum ishtirokchilarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotning asosiy tashabbuskori, tom ma’noda – bu mamlakat fuqarolari, uning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi esa – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va uning Yangi O‘zbekistonni qurish, Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirish sisyosatidir.
bugungi kunda xalqimizning orzusi, ezgu istagi, oliy maqsadi bo‘lgan tom ma’nodagi insonparvar va adolatli, erkin va demokratik, obod va farovon, dunyo mamlakatlari bilan har tomonlama raqobatbardosh mustaqil davlat – Yangi O‘zbekistonni qurish g‘oyasi – fuqarolarning qalbidan chuqur joy olib, uni hayotga tatbiq etish umummilliy harakatga aylanib ulgurgani alohida e’tirof etildi. Eng muhimi, fuqarolarning dunyoqarashi, ertangi kunga, islohotlar natijasiga bo‘lgan ishonchi kuchaygan. Ular dunyo va mamlakatdagi voqea-hodisalarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda, O‘zbekistondagi tizimli va shiddatli demokratik o‘zgarishlarga daxldorlik hissi ortib, yuksalib bormoqda.
Konstitutsiyaviy islohot bu – “Yangi O‘zbekistonga – yangilangan Konstitutsiya” lozim, deb hisoblayotgan aholining keng qatlami va saylovchilar amri, xohish-irodasi, shuningdek, mamlakatdagi shiddatli demokratik islohotlar, biz yashayotgan zamonning talabi.
Xozirda O‘zbekiston xalqi Konstitutsiya va qonunlar o‘zgarishidan manfaatdor ekanligini namoyon etib, tom ma’noda Konstitutsiya ijodkoriga aylandi. 2022 yil 18 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha keng jamoatchilik, jumladan, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy-madaniy markazlar, siyosiy partiyalar vakillaridan 40 mingdan ziyod takliflar kelib tushgani va bu jarayon davom etayotgani ham shundan dalolat beradi.
Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchisi D.Chobanu: “biz O‘zbekistonda davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak qadrlaymiz. Mamlakat qanchalik jadal rivojlanayotgani, islohotlar o‘z samarasini berayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, guvoh bo‘lib turibmiz va bu o‘zbek xalqining yutug‘i, deb bilamiz.
Umid qilamizki, O‘zbekistondagi islohotlar davom ettirilib, o‘zining samarali natijalarini beradi. Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar esa ushbu islohotlar davomiyligi va natijadorligini kafolatlaydi”.
“Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti rahbari Myusha Sever: “O‘zbekistonda shiddatli demokratik o‘zgarishlarga daxldorlik hissi ortib borayotganini ko‘rish mumkin. Aniq maqsad va vazifalarga qaratilgan demokratik islohotlarning amalda bajarilayotgani ham, albatta, juda quvonarli.
O‘zbekistonda kechayotgan yangi davrning eng muxim va ustuvor hususiyati – hozirgi va kelajak avlodning farovon turmushini ta’minlashga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Xalqaro anjuman Toshkentda emas, Xorazmda tashkil qilinishi hududlarda yashaydigan aholining fikrlarini ko‘proq bilish va inobatga olish imkonini beradi.
Masalan, yurtingizda yoshlarga katta etibor qaratilib keng imkoniyatlar yaratilayotganini ko‘rish mumkin. Buni joylarda bo‘lib yanada yaqqolroq bilib oldik. Eng asosiysi, yoshlar va xotin-qizlarning islohotlarga va ularning natijasiga bo‘lgan ishonchi oshib bormoqda”.
Konstitutsiyaviy islohot – inson qadrini ulug‘lash garov
Xalqaro konferensiyada mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va shiddatli demokratik islohotlarni, jumladan, konstitutsiyaviy islohotni, o‘zaro bog‘lab, jipslashtirib turuvchi o‘zagini aynan “Inson qadri uchun” g‘oyasi, har qanday shaxsning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati, boshqa daxlsiz huquqlarini joyiga qo‘yish, ulug‘lash g‘oyasi tashkil etishi alohida e’tirof etildi.
AQSHning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili P. Politis: “Fuqarolarning huquqlarni yanada ko‘paytirish va ulardan foydalanish bo‘yicha sa’y-harakatlar Yangi O‘zbekistondagi islohotlar jarayoni negizini tashkil qilishini bilamiz.
Hukumat shaxsiy huquqlarni himoya qilish yo‘lida katta yutuqlarga erishayotgani aniq. Bunga yorqin misol – majburiy mehnatga qarshi kurashdagi ajoyib muvaffaqiyatlar.
Biz konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning jamiyatga ijobiy ta’sirini juda yaxshi bilamiz. Konstitutsiyaviy islohotlar insonlarga chinakam hisobdor va mas’uliyat bilan xizmat qiluvchi adolatli hukumatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash imkonini yaratadi”.
Shu o‘rinda u yillar davomida AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlar aksariyat hollarda aynan inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga yo‘naltirilgani, birinchi 10 ta qo‘shimcha “Huquqlar to‘g‘risidagi Bill” deb atalishi va so‘z erkinligi, matbuot erkinligi, yig‘ilishlar erkinligi va diniy e’tiqod erkinligi kabi erkinliklarni kafolatlashiga e’tibor qaratdi. Bunda “davriy konstitutsiyaviy o‘zgarishlar Qo‘shma Shtatlarni yanada mukammal ittifoqqa aylantirishga yordam bergani”ni alohida ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi muvaqqat vakili M.Kacherauskis: “Har qanday konstitutsiyaviy islohot uchta asosiy tamoyil – demokratiya, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini hurmat qilish asosida baholanadi.
Biz uchun konstitutsionalizm – qonun ustuvorligi tushunchasining bir qismidir. Yevropa Ittifoqining maqsadi – O‘zbekistonda qonun ustuvorligi, inson huquqlarining umuminsoniy qadriyatlari, gullab-yashnayotgan fuqarolik jamiyatiga asoslangan plyuralistik demokratik tizimga o‘tish va diskriminatsiyaning barcha shakllarini bartaraf etishni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Dunyoning aksariyat mamlakatlarida konstitutsiyaviy islohotlar parlament qo‘mitalari yoki dastlabki matnni tayyorlash uchun mas’ul bo‘lgan maxsus organlar tomonidan tayyorlanadi. Ular orasida turli siyosiy kuchlar vakillari va mustaqil milliy ekspertlar ishtirok etadi, va jumladan, shuni faxr bilan ayta olamanki, bu tamoyilga O‘zbekistonda ham amal qilinyapti. Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar qabul qilinishi shaffof bo‘lishi kerak. Men O‘zbekistonda shunday bo‘layotganiga qat’iy ishonaman.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmuni qanday bo‘lishi haqida maslahat bermayapti, chunki hatto Yevropa Ittifoqi doirasida, Yevropa Kengashi davlatlari ichida ham Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha eng maqbul model mavjud emas”.
Polsha tabiiy va ijtimoiy fanlar universiteti professori Ye.Shukalski: “Zamonaviy jamiyatlarda Ombudsman instituti inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda muhim rol o‘ynab, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va davlat organlarining xatti-harakati va yoki harakatsizligi natijasida yuzaga keladigan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ayniqsa, fuqarolar ularning qarorlaridan norozi bo‘lishgan hollarida inson huquqlari bo‘yicha vakil faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Polsha va boshqa davlatlarda inson huquqlarini himoyalovchi institutlarga konstitutsiyaviy maqom berilishi, ularning mustaqilligi va faoliyatining asosiy prinsiplari mustahkamlab qo‘yilishi fuqarolar huquqlarini himoyalashda muhim o‘rin tutadi. Bu boradagi Polsha tajribasi Asosiy qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish arafasida muhokamalar o‘tkazilayotgan O‘zbekiston uchun yaxshi namuna bo‘lishi mumkin”.
[gallery-7714]
Forumdagi muhokamalar davomida, jumladan, inson qadrini ulug‘lash, huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida:
• insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmas va daxlsiz bo‘lib, har kimga tug‘ilganidan tegishli ekanligi va ularni ta’minlash – davlatning oliy maqsadi ekanligi;
• O‘zbekiston fuqarosini mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi;
• har bir inson o‘z shaxsini erkin rivojlantirish va uni amalga oshirish huquqiga egaligi, hech kimga qonunda belgilanmagan majburiyatlar yuklanishi mumkin emasligi;
• hech bir shaxs o‘ziga, o‘z turmush o‘rtog‘iga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi hamda qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa munosabat va jazoga tortilishi mumkin emasligi, shuningdek, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashga majburmasligi, ayblashga oid barcha shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozimligi;
• majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmasligi kabi dolzarb masalalar yuzasidan qizg‘in baxs-munozaralar bo‘lib o‘tdi. Ushbu masalalarning konstitutsiyaviy yechimini aniqlab beruvchi normalarni mamlakat Asosiy qonunida aks ettirish bo‘yicha takliflar kiritildi.
Konstitutsiyaviy islohot: “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyilini hayotga tatbiq etish
Konferensiya ishtirokchilarining umumiy fikriga ko‘ra, “Inson qadri” tushunchasini “Ijtimoiy davlat” tushunchasidan, “jamoatchilik nazorati” va “ijtimoiy hamkorlik” institutlaridan ayri qabul qilish, hatto, tasavvur qilish mumkin emas, ular bir-biriga chambarchas bog‘liq.
Ijtimoiy davlat jamiyat hayotining ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa sohalarini tartibga solish, unda ijtimoiy adolat va hamjihatlik tamoyillarini o‘rnatish, ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyotni taraqqiy ettirishga qaratilgan faol siyosat yuritish orqali inson qadri va uning rivojlanish imkoniyatlarini kengaytiruvchi, barcha fuqarolar uchun yuqori hayot va turmush darajasi, ijtimoiy himoyani ta’minlashga xizmat qiladi.
U aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allik va ishsizlikni bartaraf etish, fuqarolarning bandligi va daromadi doimiy o‘sib borishini ta’minlash, yosh tadbirkorlar va ayollar tadbirkorligiga ko‘maklashish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ma’naviy-madaniy sohalarning barqaror rivojlanishiga erishish, ijtimoiy sug‘urta ta’minoti tizimini takomillashtirish, jamiyatda keskin ijtimoiy farqlanishga yo‘l qo‘ymaslik va ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, barchaga munosib turmush sharoitlarini yaratish kabi vazifalarni bajaradi. Shu ma’noda ijtimoiy davlat fuqarolik jamiyati institutlari va davlat tashkilotlari maqsadlarining yaqinlashishi va uyg‘unlashishini nazarda tutadi.
“Diplomatic World Institute” (Belgiya) tahliliy markazi menedjeri A.Turkstra: “O‘zbekistondagi siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi zamonaviy voqelik konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishni talab etadi. Zero, konstitutsiyaviy islohotlarning davlat va jamiyat rivoji, “Yaxshi boshqaruvni” (Good governance) rag‘batlantirish, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro nazorat va muvozanatni mustahkamlash va mas’uliyatni kuchaytirishdagi ahamiyati yuksak.
2017 yildan beri O‘zbekistonda ushbu sohada ko‘pgina muammolar hal qilinganligini bunga misol tariqasida Virtual qabulxonalarning faoliyati, fuqarolarning faolligini oshirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish tendensiyalariga mos ravishda Jamoatchilik palatasini tashkil etish bo‘yicha Prezident farmoni imzolanganligi “Yaxshi boshqaruvni” hayotga tatbiq etish va adolatli, ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Muhimi – amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda va fuqarolarning, ekspertlarning bevosita ishtirokida amalga oshirilmoqda”.
Turkiya Buyuk millat majlisi (parlament) qonunchilik muammolari bo‘yicha mutaxassisi, “Sohibqiron” strategik tadqiqotlar markazi direktori M.Karakose: “So‘nggi yillarda aholi turmush darajasini yaxshilash maqsadida Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida uchinchi Uyg‘onish davrini qurish bo‘yicha ancha yutuqlarni ko‘rish mumkin.
Ijtimoiy adolatning konstitutsiyaviy kafolatlanishi davlat boshqaruvi va sud tizimini modernizatsiya qilish, asosiy huquq va erkinliklarni samarali himoyalashga xizmat qiladi.
Turkiya tajribasi islohotlar jarayonida inson sha’ni va qadr-qimmati, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida:
• nodavlat tashkilotlar bilan ochiq muloqot mexanizmini takomillashtirish;
• fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish va ularni davlat boshqaruvi va nazoratining asosiy darajasiga aylantirish;
• davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida samarali ijtimoiy sheriklikni tashkil etish;
• jamoaviy uyushmalar faoliyatining erkinligini ta’minlash va samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish muhim ahamiyatga egaligini ko‘rsatadi”.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari M.Mamedzade: “Tashkilotimiz bolalar huquqlarini himoya qilish va yoshlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini yuqori baholaydi.
BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasi qoidalari va uning fakultativ protokollari Konvensiyaga a’zo davlatlarning milliy qonunchiligida, shu jumladan, milliy konstitutsiyalarida o‘z aksini topishi muhim. Yevropa Ittifoqining 20 ga yaqin mamlakati (Avstriya, Irlandiya, Norvegiya, Polsha va boshqalar) konstitutsiyalariga bola huquqlari bo‘yicha batafsil normalar kiritilgan. Ularda, xususan, BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyasining quyidagi asosiy tamoyillari aks ettirilgan:
• yashash huquqi, yashab qolish va rivojlanish huquqi (6-modda);
• kamsitmaslik (2-modda);
• bolalarga taalluqli bo‘lgan barcha masalalarda, ular uchun eng maqbul bo‘lgan manfaatlar, birinchi navbatda, ko‘rib chiqilishi kerak (3-modda);
• bolalarning ularga taalluqli qarorlarni qabul qilinishida ishtirok etish huquqlari (12-modda).
O‘zbekiston Respublikasi 2021 yilda “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyani ratifikatsiya qilib, nogiron bolalar barcha boshqa bolalar qatori bola huquqlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun teng imkoniyatlar yaratishni ta’minlash bo‘yicha alohida choralar ko‘rishni o‘z zimmasiga oldi. Biroq, bolalar uchun eng maqbul bo‘lgan manfaatlarni ta’minlash tamoyili O‘zbekistonning Konstitutsiyasi va qonunlarida hamda amaliyotda to‘liq o‘z ifodasini topmagan.
Mamlakat Asosiy qonunining isloh etilishida ushbu muhim prinsiplarni va bolalarning eng maqbul manfaatlarini ta’minlashga oid BMT tavsiyalarini nazarda tutish muhim ahamiyat kasb etadi”.
Forum ishtirokchilari “Ijtimoiy davlat” g‘oya va prinsiplarini hayotga chuqurroq tatbiq etish maqsadida, shuningdek, Konstitutsiyamizga:
• ijtimoiy adolat prinsipini hayotga tatbiq etish, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik institutini o‘rnatish va rivojlantirish;
• “qashshoqlik chegarasi” va har qanday shaxsga (ayniqsa nogironlini bor insonlar, pensionerlar, bolalar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtojlar) davlat tomonidan taqdim etilishi majburiy bo‘lgan hamda inson hayoti uchun zarur minimal tovarlar va xizmatlar to‘plamini nazarda tutuvchi “iste’mol savati”ni o‘rnatish;
• hususiy mulkning “ijtimoiy javobgarligi”ni belgilash;
• har bir shaxs ishsizlikda, nogironlikda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligini belgilash, “eng kam iste’mol xarajatlari” tushunchasini kiritish;
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonalariga konstitutsiyaviy maqom berish, ularning asosiy huquqlari, vakolatlari va majburiyatlari, faoliyati prinsipilarini belgilab qo‘yish kabi takliflarni kiritdilar.
Umuman, xalqaro konferensiya konstruktiv muloqot va erkin fikr almashuvi tarzida o‘tdi. Uning yakunida xorijiy davlatlar va O‘zbekiston konstitutsiyaviy taraqqiyoti qiyosiy tahlili, “davlat, fuqaro va jamiyat konstitutsiyalari” rivojlanish qonuniyatini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiyaga tegishli takliflarni kiritishni nazarda tutuvchi Urganch deklaratsiyasi qabul qilindi.
Konstitutsiyaviy komissiyaga 50 dan ziyod takliflar kiritildi.
Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA muxbiri