Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarni himoya qilishda xalqaro hamkorlik ahamiyatga ega
17:21 / 2023-02-27

Keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining huquqiy asoslari yanada takomillashtirildi, shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy sudlari bilan keng ko‘lamli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Birgina misol: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi uchta xalqaro tashkilotga, jumladan, Konstitutsiyaviy odil sudlov bo‘yicha butunjahon konferensiyasi, Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi, Yevrosiyo konstitutsiyaviy nazorat organlari assotsiatsiyasiga a’zolikka qabul qilindi.

Konstitutsiyaviy odil sudlov bo‘yicha butunjahon konferensiyasi 2011 yili tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 112 mamlakatning konstitutsiyaviy nazorat organlarini birlashtiradi hamda konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi eng yuqori darajadagi anjuman hisoblanadi. Uning asosiy maqsadi – konstitutsiyaviy sudlarning sudyalari o‘rtasidagi muloqotga ko‘maklashishdir. Konstitutsiyaviy odil sudlov bo‘yicha butunjahon konferensiyasining kotibiyati vazifasini Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) bajaradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining ta’sischilaridan biri hisoblanadi. Assotsiatsiya 2010 yil 12 iyulda Jakarta shahrida Indoneziya Respublikasi, Koreya Respublikasi, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Filippin Respublikasi, Tayland Qirolligi va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan tashkil etilgan.

Hozirgi kunda Assotsiatsiya a’zolarining soni 20 tani tashkil etadi. Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi Osiyo mamlakatlari konstitutsiyaviy sudlari tomonidan konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish, inson huquqlarini himoya qilish, demokratiya kafolatlari, qonun ustuvorligi sohalarida tashkilot a’zolari o‘rtasidagi hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirishdan iborat.

Yevroosiyo konstitutsiyaviy nazorat organlari assotsiatsiyasi 1997 yili tashkil etilgan. Ushbu assotsiatsiya umume’tirof etilgan konstitutsiyaviy qadriyatlarni targ‘ib qilish, Konstitutsiya ustuvorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy muloqot va tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda assotsiatsiyaga Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekistonning konstitutsiyaviy nazorat organlari a’zo hisoblanadi.

Assotsiatsiya konstitutsiyaviy nazorat organlarining qonun ustuvorligi va jamiyatdagi demokratik jarayonlarni rivojlantirishdagi o‘ta muhim roli va ahamiyatini e’tirof etgan holda, o‘tish davrining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, maslahatlashuv sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini maksimal darajada oshirishga harakat qiladi.

Muntazam ravishda konstitutsiyaviy odil sudlovning dolzarb masalalari bo‘yicha tematik munozaralarni tashkil etib, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, yosh demokratik davlatlarning konstitutsiyaviy nazorat organlari o‘rtasida doimiy ravishda tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida maslahat instituti sifatida xizmat qilib kelmoqda.

2022 yil O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining xalqaro munosabatlari o‘ta samarali bo‘ldi deb aytish mumkin. Hisobot davrida Konstitutsiyaviy sud vakillari ko‘plab xalqaro konferensiya va seminarlarda faol ishtirok etib qaytishdi. 

Masalan, Turkiya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Prezidenti Zuxtu Arslanning taklifiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov boshchiligidagi delegatsiya 2022 yil 24-28 aprel kunlari Anqara va Istanbul shaharlarida bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari Turkiya Konstitutsiyaviy sudining 60 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlarda ishtirok etdi. 

2022 yil 15-16 iyun kunlari Koreya Respublikasining Seul shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining onlayn shaklda bo‘lib o‘tgan 3-konferensiyasida ham mamlakatimiz Konstitutsiyaviy sudi vakillari faol qatnashdi.  

2022 yil 18-20 avgust kunlari Mo‘g‘uliston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Chinbat Namjilning taklifiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari A.G‘afurov boshchiligidagi delegatsiya Ulan-Bator shahrida o‘tkazilgan Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining «Osiyoda konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi so‘nggi o‘zgarishlar» mavzusidagi 5-kongressida ishtirok etdi. Tadbirda «O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar: konstitutsiyaviy nazorat rivojlanishining yangi bosqichi» mavzusida ma’ruza qilindi.  

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud vakillari 2022 yil 26 avgust kuni Qozog‘iston Respublikasida va 2022 yil 4-7 oktyabr kunlari Indoneziya Respublikasida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyalarda hamda 2022 yil 22-25 dekabr kunlari Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan «Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari konferensiyasi»da va "Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari Konferensiyasi (CCJ-I)"ning ta’sis kongressida ishtirok etdi.  

Turkiyada bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda «Islom dunyosi konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari Konferensiyasi Nizomi» hamda «Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari Konferensiyasi (TURK-AY) Nizomi» qabul qilindi. Kelgusida mazkur hujjatlar ushbu mamlakatlar konstitutsiyaviy nazorat institutlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz, albatta.  

Sir emas, mamlakatimiz so‘nggi yillarda ko‘plab xalqaro konferensiyalar va turli anjumanlarga mezbonlik qilib kelmoqda. Ushbu an’anaga sodiq qolgan holda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Huquq orqali demokratiya uchun Yevropa komissiyasi (Venetsiya komissiyasi) bilan hamkorlikda «Markaziy Osiyo davlatlarida konstitutsiyaviy shikoyat institutining rivojlanish tendensiyalari» mavzucida xalqaro konferensiyani Samarqand shahrida tashkil qilishni rejalashtirgan.  

Ushbu xalqaro tadbir, eng avvalo, mamlakatimizda olib borilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarning asl mazmun-mohitini xalqaro jamoatchilikka yetkazishda, qolaversa, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda konstitutsiyaviy nazorat institutining roli haqida tajriba almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Sherbek ISAQULOV, 

O‘zbekiston Respublikasi  

Konstitutsiyaviy sudi katta eksperti,  

3-darajali adliya maslahatchisi