O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpoq akademik litseyida bir qator soha vakillari, litsey o‘qituvchilari va o‘quvchi-yoshlari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpoq akademik litseyi direktori Ravshanbek Igamberdiyev kirish so‘zi bilan ochdi.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, O‘zXDP fraksiyasi rahbari Xalilla Yeshimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi a’zosi Tog‘ayto‘re Qallibekov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sudi iqtisodiy ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi O‘ktamjon Sabirov tadbir ishtirokchilarini bayram bilan tabriklab, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlar siyosati va boshqa muhim o‘zgarishlar asosida Konstitutsiyaning tutgan o‘rni va ahamiyatini ta’kidladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi 1993 yil 9 aprel kuni o‘n ikkinchi chaqiriq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Sovetining o‘n ikkinchi sessiyasida qabul qilingan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddima, 6 ta bo‘lim, 26 ta bob, 121 ta moddadan iborat.

Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida “Konstitutsiya – kelajagimiz kafolati” mavzusida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblariga diplom va sovg‘alar topshirildi.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha vakillaridan javob oldi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.