Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaning muallifi biz, har bir moddasida biz bormiz, bugunimiz, ertamiz, taqdirimiz bor
21:54 / 2023-04-02

Buyuk ipak yo‘lining yorqin izlari qolgan ko‘hna va navqiron Qo‘qon shahrida “Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha targ‘ibot tadbiri va konsert-shou dasturi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘qon musiqali drama teatri ochiq maydonida tashkil etilgan tadbirda shahardagi oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda mahallalarda yashovchi minglab yoshlar ishtirok etdi.

Insonlarning baxtli yashashida, davlatning taraqqiyotida uning huquqiy asosi muhim ahamiyatga ega. Zalvorli maqsadlar, ehtiyojlar esa Konstitutsiyani yanada takomillashtirishni taqozo etadi. Xususan, yangi O‘zbekistonni barpo etishda yangilanayotgan bosh qomusimiz yorqin istiqbolga jiddiy qadam bo‘la oladi.  

So‘nggi olti yilda ko‘zlangan ko‘plab maqsadlarga erisha oldik. Bugun eng chekka hududlarda ham uning amaliy tasdig‘ini yaqqol ko‘rish mumkin. Farg‘ona viloyatida 2022 yilda 650 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Ushbu ko‘rsatgich 2016 yilda 50 million dollarni tashkil qilgan. Bag‘dod tumanidagi toshloq hududda yangi massivning qurilishiga asos solindi, yuzlab oilalar yangi uy-joylarga ega bo‘ldi. Bu Bag‘dod tajribasi sifatida e’tirof etilib, mamlakat bo‘ylab ommalashtirilmoqda. Yoshlarning ta’lim olishi yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari soni 2016 yilda 7 ta edi, hozirga kelib ularning soni 13 taga (shundan, 4 tasi nodavlat) yetdi. Qaysi bir sohani olmang, mana shunday yutuqlarni faxr bilan ayta olasiz.

[gallery-11247]

Farg‘onaliklar yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasida faol ishtirok etdi, yurt taqdiriga befarq emasligini ko‘rsata oldi. Ho‘qandi latifda o‘tkazilgan tadbirda ham bu yaqqol namoyon bo‘ldi.

Qalblarida vatan mehri jo‘sh urgan o‘g‘il-qizlar doimgidek faollik ko‘rsatishdi. Ularning sasi, ovozi, hayqirig‘ida Konstitutsiya o‘zimizniki, sizu-bizniki ekanligi baralla jarang sochdi.

O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, Qo‘qon davlat pedagogika instituti professori Zebo Qobilova, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Farg‘ona mintaqaviy filiali direktori, professor Shamsiddin Usmonov, Qo‘qon shahar hokimining o‘rinbosari – oila va xotin qizlar bo‘limi boshlig‘i Barno Hasanova hamda qo‘qonlik yoshlar o‘z chiqishlarida Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangiliklar, ularning mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib o‘tdilar.

– Konstitutsiyaga sizlarning takliflaringiz bilan o‘zgartirishlar, yangi moddalar bilan kiritildi, yangilandi, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo. –Xalqchil Konstitutsiya deyapmiz. Chunki u xalqimizning manfaati uchun xizmat qiladi. Hammamiz bir tan, bir jon bo‘lib, jipslashib, yangilangan Konstitutsiyaning referendumiga hozirlik ko‘ryapmiz.

Yangilanayotgan Konstitutsiya – yangi imkoniyatlar, yangi yutuqlar, farovon hayotning yangi zarvaraqlarini ochishi, orzularimiz, istaklarimiz ro‘yobi bo‘lishi alohida ta’kidlandi.

“Uning muallifi biz, har bir moddasida biz bormiz, bugunimiz, ertamiz, taqdirimiz bor. Axir u bizniki, o‘zimizniki”, - deyishdi tadbir qatnashchilari va yig‘ilganlarni ham muhim siyosiy jarayonlarga befarq bo‘lmaslikka chorladilar.

O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Yulduz Usmonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Turdiyev (Fayz) va boshqa taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi esa barchaga yanada yuqori kayfiyat bag‘ishladi.

M.Sulaymonov, 

M.Qodirov (surat), O‘zA