Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaning har bir normasi xalq va davlatning manfaatini ifodalashi lozim
10:42 / 2022-08-05

Yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash uchun davlat tomonidan ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, Konstitutsiyaviy islohotlar ham buning yorqin namunasidir.

Konstitutsiya har doim davlatning va xalqning e’tibori markazida turadi. Sababi, uning har bir normasi xalq va davlatning manfaatini ifodalaydi va unga xizmat qiladi.

Zamon shunday shiddat bilan yuksalib rivojlanib bormoqdaki, xalqning ongi yashash tarzi mutlaq yangicha qiyofada aks etmoqda. Davlatning boshqaruv shakli zamonga mos ravishda raqamlashish tartibiga o‘tib, xususiy sektorlarning o‘rnini kuchaytirib tadbirkorlarga keng o‘rin bermoqda. Konstitutsiyaning normalari esa bunga mos va hamohang bo‘lib borishi lozim. Harakatlar strategiyasidan Taraqqiyot strategiyasiga o‘tish jarayonlarida Bosh qomusimizni «inson – jamiyat – davlat» tamoyili asosida takomillashtirish davr talabi ekanligi barchaga ma’lum.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ham o‘zining elektorati, ko‘p ming sonli a’zolari bilan hamfikrlikda xalqning fikr va maqsadlari ro‘yobini Konstitutsiyaning normalarida aks ettirishni maqsad qilgan. O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi tomonidan sud hokimiyatining mustaqil bo‘lishi, qonunlar va sud qarorlarining odilligini ta’minlash, qonunlarda inson huquqlari ustuvorligini belgilash, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratish kabi bir qator yo‘nalishlar o‘rin olgan. O‘zbekiston «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi Markaziy apparati tomonidan Konstitutsiyaviy islohotlarda keng jamoatchilik fikr-mulohazalarini o‘rganish maqsadida alohida tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Ushbu rejaga muvofiq joriy yilning 31 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston «Adolat» SDP tomonidan 3860 ta tadbir o‘tkazildi.

Bunda ayniqsa, partiyaning mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari, viloyat hamda tuman va shahar Kengash xodimlari, «Ayollar qanoti», «Yosh adolatchilar» qanoti partiyaning faol a’zolari bilan birgalikda ish olib borildi. Partiya Markaziy apparati tomonidan «Uzstandart» agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar «Olima» ayollar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi,Oliy Majlis Senati huzuridagi «Yoshlar parlamenti», Oliy Majlis Senati huzuridagi «Yoshlar parlamenti» a’zolari bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etilib, jami Konstitutsiyaga 4698 ta takliflar yig‘ib olinib, umumlashtirildi. Taklif berishda 25000 dan ortiq ishtirokchi faol ishtirok etdi. Konstitutsiyaga berilgan takliflar partiya Markaziy apparati tomonidan umumlashtirilib, eng maqbul va o‘rinli deb topilgan takliflar OMQPdagi fraksiyasiga taqdim etildi.

Jumladan:

- Amaldagi Konstitutsiyaning 4-moddasi birinchi qismiga ko‘ra «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir», deb belgilangan. Ammo shu kunga qadar davlat va nodavlat idoralarida ish hujjatlari to‘liq o‘zbek alifbosida olib borilmaydi. Ta’lim muassasalarining barcha turlarida o‘zbek alifbosida dars o‘tilib, ish jarayonida kelganda esa krill alifbosida ish hujjatlarini yuritishga majbur bo‘lmoqda.

Konstitutsiyaning 4-moddasiga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir deb belgilangan, lekin hujjatlar qaysi til va alifbo bo‘yicha olib borilishi ko‘rsatilmagan. Amaldagi normativ huquqiy hujjatlarda ham bu o‘z aksini topmagan. Shu tufayli Konstitutsiyaning 4-moddasining birinchi qismiga «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi hududida hujjatlar o‘zbek tili va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida olib boriladi. Xalqaro qonun hujjatlarda nazarda tutilgan normalar bundan mustasno» deb belgilanishi taklif etilgan.

Bu esa o‘zbek tili va o‘zbek alifbosini saqlab qolish va uning mavqiyeni ko‘tarishga asos bo‘ladi. Shuningdek, Konstitutsiyaning 21-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatiladi» deb belgilangan unga qo‘shimcha ravishda «O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatiladi va fuqarolar O‘zbekistonlik deb ataladi», degan norma qo‘shish;

- Yana bir takliflardan, Konstitutsiyaning 26-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, «Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha, u aybdor hisoblanmaydi.  Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi», deya belgilangan. Taklifda esa "ayblanayotgan" jumlasi "gumonlanayotgan" jumlasiga o‘zgartirish taklifi berilgan. Ya’ni «Jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha, u aybdor hisoblanmaydi», deb belgilanishi kerak. Mantiqan o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak ham, shaxsning aybi aniqlanmaguncha, u aybdor hisoblanmaydi. Shu sababli shaxsga nisbatan ayb aniqlanganidan keyin sud tomonidan aybdor deb topiladi.

- Yana bir muhim takliflardan biri Konstitutsiyaning 56-moddasiga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi», deyilgan, ammo bu yerdagi jamoat birlashmalarining siyosiy partiyalardan boshqa hech birini siyosiy kuchi mavjud emas. Partiyalarni alohida moddada mavqeini siyosiy tarafdan kuchaytirish kerak. Jamoat birlashmalaridan ustunligini belgilash lozim.

- Amaldagi Konstitutsiyaning 68-moddasida «O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat», deya belgilangan, ammo amalda mahalla tushunchasi mavjud, bu esa Konstitutsiyaga kiritilmasdan qolgan. Taklifga ko‘ra, Konstitutsiyaning 68-moddasida «O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, mahallalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat», deb qo‘shimcha kiritilish lozim.

- Konstitutsiyaning 40-moddasida «Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega», deb belgilangan normasini ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini inobatga olgan holda «Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan bepul foydalanish huquqiga ega» shakliga o‘zgartirish zarur.

- Konstitutsiyaning 41-moddasiga qo‘shimcha ravishda o‘qituvchi maqomi to‘g‘risidagi bandni kiritish zarur. Unga ko‘ra «O‘qituvchi-pedagoglarning ijtimoiy-iqtisodiy mavqeyi, ijtimoiy himoyasi davlat muhofazasidadir, ularning sha’ni, qadr-qimmatini kamsitish, sog‘lig‘iga putur yetkazish va kasbiy-pedagogik faoliyatiga asossiz ravishda aralashish qonunga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi O‘qituvchi-pedagog xodimlar shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega bo‘lishlari belgilab qo‘yilishi muhim.
- Konstitutsiyaning 63-moddasi 2-qismi «Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi», deb belgilangan. Konstitutsiyaning 63-moddasi 2-qismini «Nikoh erkak va ayolning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi. Bir xil jinsdagilar nikohdan o‘tishlari qat’iyan taqiqlanadi va jinoiy javobgarlikka tortiladilar», deb belgilanishi kabi bir qator fikr va takliflar umumlashtirgan holda «Adolat» SDP fraksiyasi orqali Maxsus komissiyaga kiritildi.

Partiya xodimlari va elektorati, ko‘p ming sonli faol a’zolari shu kabi xalq manfaati yo‘lida xizmat qiladigan xalqchil va hayotiy g‘oyalar va takliflar orqali Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda hamda Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida faol ishtirok etib kelmoqda.


Mirshod Qo‘ldoshev,
«Adolat» SDP Markaziy apparat
bo‘lim boshlig‘i