Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyaning 33 yilligi munosabati bilan tadbirlar qizg‘in davom etmoqda
13:28 / 2025-12-07

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan mamlakatimizdagi qator oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu tadbirlar asosiy qonunimizning jamiyat hayotidagi beqiyos o‘rni, inson huquq va erkinliklarining kafolati sifatidagi ahamiyatini yana bir bor yodga soldi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib o‘tgan tadbirda Konstitutsiya kunining ijtimoiy-huquqiy ahamiyati, yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sahnaviy ko‘rinishlar, ma’ruzalar va viktorina orqali talabalar Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglab, fuqarolik pozitsiyasi haqida fikr almashdi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida ham “Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi” shiori ostida ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar va mutaxassislar tomonidan asosiy qonunning mamlakat taraqqiyoti, adolat prinsiplarini qaror toptirish va fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirishdagi o‘rni yuzasidan muhim fikrlar bildirildi. Faol ishtirokchilar institut rahbariyati tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Andijon davlat pedagogika institutidagi “Mening Konstitutsiyam — 33 yoshda” mavzusidagi tadbirda esa Konstitutsiyaning yangilangan tahriri, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan normalar hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish tamoyillari haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ushbu tadbirlar Konstitutsiyaga hurmat, qonunga sadoqat va fuqarolik burchiga mas’uliyat bilan yondashish tuyg‘usini yanada mustahkamlab, yoshlarning huquqiy ongini oshirishga xizmat qiladi.

Nigora Rahmonova, O‘zA