Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosib ravishda keng nishonlandi. Tadbirda keng jamoatchilik, mahalliy kengash deputatlari, soha vakillari, yoshlar hamda faxriylar ishtirok etdi.
Avvalo viloyatdagi bir qator tashkilotlar tomonidan bosh qomusimizning mazmun-mohiyati, unda belgilangan huquq va erkinliklarni targ‘ib etuvchi maxsus ko‘rgazmalar tashkil etildi. Ko‘rgazmalarda asosiy e’tibor aholi o‘rtasida huquqiy ongni yuksaltirish, fuqarolarning konstitutsiya bilan bog‘liq bilimlarini mustahkamlashga qaratildi.

Shundan so‘ng tantanali marosimning badiiy qismi boshlandi. Tadbirda so‘z olgan Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov barcha viloyat aholisini konstitutsiya bayrami bilan muborakbod etar ekan, milliy taraqqiyotning yangi bosqichida qabul qilinayotgan qaror va islohotlar mazmun-mohiyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

Viloyat rahbarining ta’kidlashicha, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar negizida, avvalo, inson qadri va manfaati turadi. Shu maqsadda Qashqadaryoda keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan.
– Kelgusi yilda viloyat iqtisodiyoti 106,1 foizga o‘sishi, yalpi hududiy mahsulot hajmi 107 trillion so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan, – dedi viloyat rahbari. – Yangi ish o‘rinlari tashkil etish orqali 150 ming kishining bandligi ta’minlanadi, ishsizlik darajasi 4,6 foizga, kambag‘allik esa 3,4 foizgacha pasaytiriladi.

Hudud iqtisodiyotiga 4 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilinishi, shuningdek, 1 milliard dollarlik Qashqadaryo mahsulotlari eksportga chiqarilishi rejada bor. Qishloq xo‘jaligida yerlardan oqilona foydalanish, zamonaviy va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish orqali yuqori hosildorlikka erishish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, shahar va qishloqlarni obodonlashtirish, yangi uy-joylar, tibbiyot, ta’lim, madaniyat va sport muassasalarini barpo etish, yo‘l va kommunikatsiya infratuzilmasini yangilash, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ham qator ishlar amalga oshiriladi.

Viloyat hokimi ta’lim sifatiga alohida to‘xtalib, yoshlarning chet tili, axborot texnologiyalari va zamonaviy kasblarni o‘rganishi uchun xalqaro loyihalar ko‘lami kengaytirilishini ma’lum qildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha ishlar yangi bosqichga ko‘tariladi. Raqamlashtirish va sun’iy intellektual texnologiyalardan foydalanish sohasida keng ko‘lamli dasturlar amalga oshiriladi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, oila va mahallada o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, yoshlar, xotin-qizlar hamda keksalarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, mahallalarni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish vazifalari izchil davom ettiriladi.


Bayram tadbiri yurtimizning tinch va farovon hayoti, shon-shuhrati hamda yurt kelajagini madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA