English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyamizning baʼzi boʻlimlarini oʻzgartirishga ehtiyojimiz bor (+video)
09:30 / 2022-07-01

Mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizgʻin pallaga kirdi. 25-iyundan boshlangan umumxalq muhokamasi natijasi umumlashtirilib, Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar loyihasi ommaviy muhokamaga qoʻyildi.

Asosiy Qonunimizga zamon talablaridan fuqarolarimiz istak va xohishidan kelib chiqqan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar berilmoqda. Quvonarlisi, taklif berayotganlar nafaqat qonunchilik ilmiga ega olimlar, ziyolilar, shifokorlar, oʻqituvchilar, balki oddiy odamlar va ayniqsa yoshlardir. Shu kungacha fuqarolar va tashkilotlardan 60 mingdan ortiq takliflar qabul qilib olindi.

Uning natijalariga koʻra, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi referendumiga qoʻyilishi kutilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq oʻzgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.

Ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga koʻra, “Inson – jamiyat – davlat”, “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

“Inson qadri uchun” gʻoyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili boʻlgan «Inson-jamiyat-davlat», degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Yaʼni insonning qadr-qimmati, shaʼni va gʻururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi oʻrinda turishi kerak, degan Prezidentimizning gaplari juda ham toʻgʻri va oʻrinli. Chunki, inson munosib shart-sharoitlarda taʼlim olsa, yaxshi muhitda tarbiya koʻrsa, oʻz sevgan kasbida ishlasa, farovon hayot kechirsagina jamiyatga, davlatga foydasi koʻproq tegadi. Zero, mamlakatimizda inson qadri hamma narsadan muqaddas va daxlsizdir.

Oʻzbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekanligi belgilab qoʻyilmoqda. “Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi” ekanligi ham belgilanmoqda.

Kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, avvalo, inson qadrini roʻyobga chiqarishga qaratilgan boʻlib, ayniqsa, taʼlimga oid boʻlgan oʻzgartirishlar bilan tanishib chiqar ekanman, pedagog sifatida men har bitta kiritilayotgan oʻzgarishlarni qoʻllab-quvvatlayman. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida taʼlimni, ilm-fanni, millatni va xususan, yoshlarni maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashning aniq konstitutsiyaviy kafolatlari nazarda tutilmoqda. Bunda:

- davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga koʻmaklashishi, har bir bolaning umumiy oʻrta taʼlimga doir yillik tayyorgarlikdan oʻtishga boʻlgan huquqi kafolatlanmoqda;

- davlat bepul umumiy oʻrta taʼlimni, shuningdek tanlov asosida davlat taʼlim tashkilotlarida bepul oliy maʼlumot olish huquqini mustahkamlanmoqda;

- alohida ehtiyojlarga va individual imkoniyatlarga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiyani tashkil etish belgilanmoqda;

- davlat iqtidorli yoshlarning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, taʼlim olishni davom ettirilishini kafolatlamoqda;

- taʼlim muassasalari va tashkilotlarining xususiy va boshqa shakllarini rivojlantirish uchun davlat teng sharoitlar yaratishi;

- har kim davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy maʼlumot olishga haqli ekanligi;

- oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada oʻzini oʻzi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga egaligi;

- davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar oʻrnatishga koʻmaklashishi nazarda tutilmoqda.

<iframe width=““1280”” height=““720”” src="https://www.youtube.com/embed/sZFeNyk1dVU“ title=”“Konstitutsiyamizning“ baʼzi=”“ boʻlimlarini=”“ oʻzgartirishga=”“ ehtiyojimiz=”“ bor”=”“ frameborder=”“0”“ allow=”accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture“ allowfullscreen=”"></iframe>

Shuningdek, pedagog xodimlarning maqomini har tomonlama mustahkamlash jamiyat va davlatning eng muhim vazifasi deb eʼtirof etilishi, pedagog xodimlarning huquqlari, shaʼni va obroʻ-eʼtibori davlat himoyasida ekanligi konstitutsiyaviy kafolatlaydi. Qolaversa, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy belgilanmoqda. Bular esa yurtimiz pedagoglarining huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlashga, taʼlim sifati samaradorligini yanada ortishiga xizmat qiladi.

Bugungi davr oʻzgarishlarni talab qilmoqda. Bu esa, konstitutsiyaviy islohotlar bilan amalga oshiriladi. Dunyo tajribasi shunday. Shiddatli davr zamonga mos harakat va oʻzgarishlarni talab etadi. Ana shunday talabga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega boʻlish uchun asosiy qonunimizning yangi loyihasi tayyorlanishi, albatta, xalqimiz manfaatlariga munosib ish hisoblanadi.

Yurt kelajagi va Vatanimiz taqdiri barchamizning mazkur jarayondagi faol ishtirokimizga bogʻliq boʻlib, kelgusi taraqqiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Bahrom Abdullayev,

Urganch davlat universiteti rektori, f-m.f.d.

Sh.Otaboyev, N.Abduvoitov (video), OʻzA