Yangilangan Konstitutsiyamizning 48-moddasiga muvofiq: “Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, shuningdek, “O‘zbekiston respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli” ekanligi belgilab qo‘yilgan. Asosiy qonunimizda fuqarolarimiz manfaatiga xizmat qiluvchi ushbu moddaning tadbiq qilinishi ko‘plab insonlarga davlat tibbiy xizmatidan bepul va imtiyozli foydalanish huquqini taqdim etadi.
Mazkur mexanizmlar 2024 yilning 11 sentyabridan boshlab kuchga kirgan “Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan bosqichma-bosqich Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida joriy etildi.
Uchtepa tumanining Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasidamiz. Bu yerda 61 ming nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Bir kunda o‘rtacha 600 nafar fuqaro tor soha mutaxassislariga murojaat qiladi. Mazkur muassasa 1 oktyabrdan boshlab to‘liq davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida faoliyat olib bormoqda.
Fuqaro elektron navbat olib, belgilangan vaqtda tor soha mutaxassisiga uchraydi va zarur dorilarni agarda kafolatlangan paketga kiritilgan bo‘lsa, shifoxonadan yoki yaqin masofada joylashgan aptekadan bepul oladi. Poliklinika elektron tizimga integratsiya qilingan bo‘lib, shifokor bemor kirishidan oldin u haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ladi. Davlat tibbiy sug‘urtasi tomonidan kafolatlangan paket doirasida aholiga namunali xizmat ko‘rsatgan shifokorlar mehnati esa rag‘batlantirilib boriladi.
Shifokor rasmiylashtirgan elektron retsept asosida berilgan dori vositalari va dorixonalarning sarf-harajatlari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko‘rsatmasiga binoan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan yo‘llanma asosida respublika darajasidagi tibbiyot muassasalarida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul davolanadi.
Shu o‘rinda aytish kerakki barcha kasalliklar ham ushbu yangi tizimga kiritilmagan va kelgusi yillarda bosqichma-bosqich kiritib boriladi. Shu bois fuqarolarimizda tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Bu borada aholi o‘rtasida tibbiyot sohasi xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi 2026 yilning oxiriga qadar respublikamizning barcha tibbiyot muassasalariga tadbiq qilinadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ymNyJ5cDgBA?si=1pjrPM2IQE9bAGyM" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA