Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyamiz bilimdonlari
17:21 / 2023-11-30

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

“Adolat” SDP Buxoro viloyati Kengashi tomonidan “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida “Konstitutsiya bilimdoni” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi tashkil etildi.

Unda viloyatning shahar va tuman bosqichlarida birinchilikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar qatnashdi.

Tadbirni partiyaning viloyat Kengashi raisi Maqsud Hamidov kirish so‘zi bilan ochib, yaqinlashib kelayotgan Konstitusiya bayrami bilan barchani tabrikladi. Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatini anglash, uning ahamiyatini tushunish har bir inson uchun nihoyatda muhimligini ta’kidladi. 

Tanlov belgilangan nizom asosida 3-bosqichda tashkil etildi. Tanlovda 1-shart tanishtiruv sharti, 2 - shart – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini bilish darajasi hamda amaldagi qonun hujjatlari to‘g‘risida savol-javob, 3 – shart – erkin mavzu deb nomlandi. Bu shartda ishtirokchilar “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi mening tasavvurimda” mavzusida ijodiy ish tayyorlashdi. O‘quvchilarning sahna madaniyati, notiqlik mahorati hamda ijodiy qobiliyatlari ham alohida e’tiborga olindi.

Hakamlar hay’ati o‘quvchilarning chiqishlarini ochiq, oshkora ovoz berish yo‘li bilan odilona baholab bordi.

Qizg‘in muzokaralardan so‘ng eng yuqori ko‘rsatkichni Qorovulbozor tumani kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Sevinch Qulliyeva qo‘lga kiritgani ma’lum qilindi. U endi tanlovning Respublika bosqichida qatnashadi.

2-o‘rinni Kogon tumani kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Sevinch Karimova, 3-o‘rinni Buxoro shahar yuridik texnikum o‘quvchisi Asilbek Ochilov egalladi. 

–Mana shu kabi ko‘rik-tanlovlar tashkil etilishi biz o‘quvchilarni juda ruhlantiradi, –deydi Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Qorovulbozor tumani kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Sevinch Qulliyeva. – “Adolat” partiyasi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda biz tengdoshlarimiz bilan fikrlar almashdik hamda o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashimiz zarurligini his qildik. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), 

O‘zA muxbirlari