Xitoyda doktoranturada tahsil olar ekanman, yurtimiz uchun eng muhim bo‘lgan yuridik hujjat — mamlakatimizning yangilanayotgan Konstitutsiyasi loyihasi faol muhokama qilinayotganini katta qiziqish bilan kuzatmoqdaman. Taklif etilayotgan har bir norma g‘oyatda muhim. Shular qatorida, O‘zbekistonning ijtimoiy davlat deb belgilanayotganligi, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat tomonidan qator yangi majburiyatlarning olinishi, meni o‘zgacha quvontirmoqda.
Bir necha yillar davomida davlat tashkilotlarida mazkur masalalar bo‘yicha faoliyat olib bordim. Bu boradagi o‘zgarishlarga shaxsan guvoh bo‘lib, ularni joriy qilishda bevosita ishtirok ham etdim. Shu bois, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligini ham yaxshi bilamiz. Zero, bu kabi masalalarning Konstitutsiya darajasida belgilanayotganligi ham rejalashtirilgan vazifalarning ko‘lami ortayotganidan dalolatdir.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan muhim yo‘nalishli, dolzarb masalalar bo‘yicha ilmiy izlanishimni yakunlab, yurtimga qaytib, albatta mazkur normalarning hayotga to‘laqonli va sifatli joriy qilinishida o‘zimning munosib hissamni qo‘shaman, degan umiddaman.
Insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi, degan tamoyil yangilanayotgan Konstitutsiyaning hayotga tatbiq etilishida muhim omil bo‘ladi, desam, mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Chunonchi, har bir shaxs davlat tomonidan e’tibor, huquq va manfaatlarining kafolatlanishi tarafdori. Shu bois ham huquqiy davlat qurishda Konstitutsiyamizda insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik davlatning asosiy burchi etib belgilanayotganligi barchamizni quvontiradi.
Gulnora MURODOVA,
Xitoy Janubi-g‘arbiy moliya va iqtisodiyot
universiteti doktoranti