Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faollar zalida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan uquv-uslubiy seminar tashkil etildi.
Seminar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Unda Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlar, shu jumladan, fuqaro daxlsizligi va erkinliklari, uning huquq va majburiyatlari, oila va yoshlar masalalari bo‘yicha yangi normalarning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tildi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, ijtimoiy himoya va iqtisodiy farovonlik kafolatlari asosiy qonun darajasida mustahkamlanadigan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgani ta’kidlandi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan 220 mingdan ortiq taklif kelib tushdi. Ularning 60 foizidan ortig‘i bevosita yoshlar tomonidan berilgan. Shuning uchun ham Yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarga oid qator normalar, hatto bitta alohida bob «Oila, bolalar va yoshlar» masalasiga bag‘ishlandi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifalari qatoridan joy olmoqda.

– Mazkur qoidalarning Konstitutsiya darajasida belgilanishi, bolalar bog‘chasidan tortib, toki universitetlargacha, barcha ta’lim tashkilotlarini ular davlatniki yoki xususiy ekanligidan qat’iy nazar, rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy zamin bo‘ladi, – dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i – To‘xtasin Arslonov. – Davlat endilikda nafaqat umumiy o‘rta ta’lim balki boshlang‘ich professional ta’lim olishni ham bepul bo‘lishini kafolatlaydi.
Eng muhim yangiliklardan yana biri, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiyaning ta’minlanishi – jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun juda muhim ekanligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlari faoliyat yuritadigan ta’lim muassasalarida xuddi shunga o‘xshash tadbirlarni tashkil etishlarida foydalanishlari uchun metodik targ‘ibot vositalari bilan ta’minlandi.
Muxtasar Qodirova,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi yetakchi mutaxassisi