Adliya vazirligi tomonidan Konstitutsiyada belgilangan normalarning mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamiga, ayniqsa, o‘quvchi yoshlarga oddiy va sodda tilda tushuntirish maqsadida “Konstitutsiyaga sayohat” interaktiv kitobi hamda huquqiy multfilmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Konstitutsiyani birinchi marta bolalar tiliga o‘girgan ushbu loyiha undagi normalarni bola tilidantushuntiruvchi interaktiv kitob hamda 40 seriyalimultfilmdan iborat.
Loyiha yoshlarni Konstitutsiyagahurmat ruhida tarbiyalash hamda huquqiy savodxonliginiyanada oshirishga qaratilgan.
Unda huquq sodda tilda, bolalar uchun tushunarli tarzda hamda qiziqarli qahramonlar tilidan hikoya qilinadi.
Konstitutsiyadagi barcha tartib-qoidalar, huquq va majburiyatlar bolalar tilidan tushuntirilgan. Konstitutsiyaning deyarli har bir moddasiga oddiy va tushunarli sharhlar berib borilgan.
Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad yosh avlodni bolalikdan huquqiy bilimlarini mustahkamlash, muammo va turli vaziyatlarga yechim topa oladigan huquqiy ongi va dunyoqarashi yuksak avlodni tarbiyalashdan iborat.
Endilikda, bolalar tiliga o‘girilgan Konstitutsiya qoidalari kitobi va multfilmlar maktabgacha ta’lim va maktab yoshidagi bolalarga foydali bo‘ladi, maktablarda Huquq darslarida qo‘llaniladi va Konstitutsiya normalarini maktab yoshidagilarga o‘rgatishda muhim dasturulamal bo‘ladi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab o‘rgatishning ahamiyati, bu orqali yuksak huquqiy ongni shakllantirish kelajakda o‘z huquqini, burchlari, vazifalarini puxta biladigan va shunga mutanosib huquqiy demokratik davlatni rivojlantiradigan avlodni tarbiyalashda zamin bo‘lishi haqida muhim fikrlarni bildirib o‘tdi.
[gallery-26586]
Tadbir davomida “Konstitutsiyaga sayohat” loyihasi hamda bolalarga huquqni sodda tilda tushuntirishga qaratilgan qator yangi loyihalar haqidagi videoroliklar hamda “Konstitutsiyaga sayohat” multfilmining 1-qismi namoyish etildi.
Shu bilan birga “Konstitutsiyaga sayohat” interaktiv kitobi Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligiga topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, Oybek Pardayev(surat), O‘zA