Ma’lumki, soliqlar davlatning moliyaviy resurslari va yillik byudjetini shakllantirishning asosiy manbasi hisoblanadi. Byudjetning asosiy qismini esa soliqlar tashkil etadi. Davlatning asosiy funksiyalari (ta’lim, tibbiyot, mudofaa, jamoat tartibini ta’minlash, davlat apparatini ta’minlash va x.k.) yig‘ilgan soliqlar hisobiga bajariladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar o‘z mazmun-mohiyati bilan “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Yangilangan Konstitutsiyada tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratildi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tadbirkorlik sub’ektlari soni ortdi. Jumladan, 2016 yilga nisbatan kichik biznes tadbirkorlari soni 2,5 barobar oshdi. Kichik tadbirkorlikning YAIMdagi ulushi 51,8 foizni tashkil etdi. Tadbirkorlikka keng yo‘l ochilganligi hisobiga, so‘nggi olti yilda ularning soni 6 baravar oshib, bugungi kunda 2 millionga etdi. Tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlar 26 mingtaga, 100 million dollarga yetkazganlar esa, 220 taga etdi.Turli yo‘nalishlarda faoliyat olib boruvchi ishbilarmon doira vakillari uchun soliq imtiyozlari, preferensiya va imtiyozli kreditlar taqdim etilayotgani ularning faoliyatini yanada kengaytirishga imkon bermoqda.
Yangi Konstitutsiyaning 63-moddasiga muvofiq, “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart. Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak”ligi belgilandi.
Soliq kodeksining 10-moddasiga muvofiq, soliqlar va yig‘imlar kamsitish xususiyatiga ega bo‘lishi hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo‘llanilishi mumkin emasligi. Mulkning shakliga, jismoniy shaxslarning fuqaroligiga yoki kapitalning kelib chiqish mamlakatiga qarab farqlangan soliq stavkalarini, soliq imtiyozlarini yoki boshqa afzalliklarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.Fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan soliqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shu bilan birga, davlat ham fuqarolar uchun ortiqcha va og‘ir bo‘lgan soliqlar yoki boshqa yig‘imlarni joriy etmaslik bo‘yicha kafolat berishi, bu kafolat esa qonun bilan mustahkamlanishi kerak bo‘ladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga “Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi shart”, deya belgilandi. Bu nima degani? Bu – davlat soliq va yig‘imlar joriy etayotganda aholi yoki tadbirkor uni to‘lay olishiga qurbi yetishini albatta inobatga oladi. Ortiqcha va mantiqsiz soliqlardan, turli yig‘imlardan voz kechiladi.
Yana bir muhim masala, Konstitutsiyaning 1-moddasida “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” deb belgilandi. Demak, soliq munosabatlarining qonuniyligi, huquqiyligi va dunyoviyligi ikki tomonga ham soliq to‘lovchi va soliq undiruvchiga hamda ularning huquqiy madaniyatiga ham bevosita bog‘liqdir. Ya’ni soliq to‘lovchilar bugungi kunda “Insofli soliq to‘lovchi” va soliq undiruvchilar esa “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida ishlashi talab etiladi. Fuqarolar soliq to‘lash bo‘yicha Konstitutsion majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarsalar, soliq organlari esa davlat xizmatchisi sifatida belgilangan vazifa va majburiyatlarini a’lo darajada bajarishlari kerak bo‘ladi. Bunda eng avvalo, majburlamasdan, madaniyat bilan etika-estetika qoidalariga rioya qilgan holda soliq to‘lovchilarga tushuntirish va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishlari lozimdir.
Kiritilgan yana bir yangi norma “Soliq va yig‘imlar fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak”ligi belgilandi. Bu nima degani? Bu – soliqlar fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqlari, xususan, saylash va saylanish, mulkdor bo‘lishi va mulk daxlsizligi, uy-joyli bo‘lish, mehnat qilish, dam olish, ta’lim olish, ilm bilan shug‘ullanish, davolanish va tibbiy xizmatdan foydalanish va x.k.lar kabi huquqlaridan foydalanishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Davlat Konstitutsiyada inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini kafolatlamoqda.
Demak, davlat soliqlarni joriy qilish va undirishda soliq solishning adolatlilik,majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanishi lozim. Soliq kodeksi va soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining qoidalari Konstitutsiyaga zid bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
Ta’kidlash joizki, oxirgi yillarda tadbirkorlar to‘laydigan soliq turlari soni qisqartirildi, aholiga, biznesga soliq imtiyozlari qo‘llanildi. Xususan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi tushirilib, 12 foiz miqdorida belgilanib, QQS stavkasi 20 foizdan 12 foizga pasaytirildi. 2020 yildan joriy qilingan yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga muvofiq, 13 ta turdagi soliqlar turlari 4 taga qisqartirilib, 9 taga kamaytirildi. Soliq nazorati shakllari 9 tadan 3 taga qisqartirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 1 noyabr holatiga O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar soni 575 999 tani tashkil etdi. Shundan 78 026 tasi joriy yilning yanvar-oktabr oylarida ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 9 oy yakuni bo‘yicha 2023 yil 1 noyabr holatiga 245 785 tani tashkil etgan bo‘lsa, shundan yangitdan ro‘yxatdan o‘tganlari 81 315 tani tashkil etgan. Bundan tashqari, joriy yilning 9 oyida 112 674 ta tashkilot umumiy qiymati 17,3 trln. so‘m miqdorda soliq imtiyozlaridan foydalangan.
Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarish esa ana shunday ijobiy o‘zgarishlar izchil va tizimli davom ettirilishi uchun huquqiy asos bo‘ladi.
Eng asosiysi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish maqsadida amalga oshirilgan Konstitutsion islohotlar xalq farovonligi va inson qadri uchun xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Yangi Konstitutsiyaning 149-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal qilishi va soliqlar joriy qilishga faqat O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi haqligi belgilab qo‘yilgan.
Soliqlar xar qanday davlat shakllanishining asosiy moliyaviy manbasi hisoblanadi. Soliqlar – bu davlat va soliq to‘lovchilar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarni tartibga soluvchi muhim vositasi hisoblanadi. Soliq mexanizmi soliq huquqi va soliqqa tortishni boshqarish asoslariga tayangan holda soliq munosabatlarini tartibga soladi.
Soliq tizimi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha soliq to‘lovchilarga nisbatan yagona ekanligi belgilangan. Soliq kodeksining 8-moddasiga ko‘ra, hech kimga Soliq kodeksida nazarda tutilmagan yoxud uning normalari buzilgan holda belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lash majburiyati yuklatilishi mumkin emasligi belgilangan.
Yangi soliqlar va yig‘imlar belgilanishini nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oy o‘tgach amalga kiritiladi. Soliq imtiyozlarini bekor qilishni, yangi majburiyatlarni joriy etishni, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni yoki soliq munosabatlari sub’ektlarining holatini boshqacha tarzda og‘irlashtirishni nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ham xuddi shunday tartibda amalga kiritiladi.
Soliqlar va yig‘imlar stavkalarining o‘zgartirilishini nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, agar ularda kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ular rasman e’lon qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan e’tiboran amalga kiritiladi.
Soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari Soliq kodeksidan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar Soliq kodeksi bilan belgilanadi, o‘zgartiriladi yoki bekor qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimining huquqiy asoslari, soliq to‘lovchilarning huquq va majburiyatlari, soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi, qonunlar va boshqa soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Soliq kodeksi – O‘zbekiston Respublikasi qonuni maqomini olgan normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Soliq qonunchiligi tizimida Soliq kodeksi asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanib, uning negizida soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar tizimi shakllantiriladi. Shu munosabat bilan, barcha normativ-huquqiy hujjatlar Soliq kodeksi qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash sharoitida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida “Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, davlat byudjeti taqchilligini qisqartirish, davlat byudjeti daromadlaridan samarali foydalanish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soliq yukini kamaytirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, 2026 yil borib tadbirkorlik sub’ektlariga soliq yuklamasini yalpi ichki mahsulotning 27,5 foizidan 25 foizi darajasiga kamaytirish” kabi muhim ustuvor vazifalar belgilangan.
Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish evaziga 2026 yil yakuniga qadar yurtimizda xususiy sektorning YAIMdagi ulushini 80 foizga, eksportdagi ulushini esa 60 foizga yetkazish orqali ishsizlik darajasini kamida 2 barobar qisqartirish nazarda tutilgan. Shuningdek, 2026 yilga borib tadbirkorlik subektlariga soliq yuklamasini YAIMning 27,5 foizidan 25 foizi darajasiga kamaytirish” kabi muhim ustuvor vazifalar belgilangan.
Demak, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar davlat byudjetining asosiy daromad qismini tashkil qiluvchi moliyaviy manbai hisoblanadi. Shunday ekan, moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, byudjet daromadlarini oshirish va xarajatlarining maqsadliligini ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Respublikada shakllangan soliq siyosati “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, degan prinsip asosida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish muhim rol o‘ynaydi hamda respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Jahongir Urmonov,
Jamoat xavfsizligi universiteti
kafedra boshlig‘i.