Senatorlar joylarda yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazmoqda.
Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan Qibray tumanida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari va aholi ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy majburiyati etib belgilanayotgani qayd etildi.
Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilandi. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda mas’uliyatini oshiradi hamda insonga me’yoridan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishining oldini oladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirildi. Xususan, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni «sukut saqlash» huquqi belgilandi.
Shaxs qarindoshlarining sudlanganligi asosi bilan huquqlari cheklanishi mumkin emasligi qat’iy belgilanishi inson o‘zining yaqinlari yo‘l qo‘ygan xatolar uchun javob bermasligini ta’minlaydi.
Tadbir davomida Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlarning har biri bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tildi. Yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
O‘z navbatida, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Senatorlarning hududlardagi uchrashuvlari davom etmoqda.
O‘zA