French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiyada belgilanishi kutilayotgan sudyalar almashtirilmasligi to‘g‘risidagi qoida nimani anglatadi?
12:15 / 2022-07-22

Shu kunlarda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi qizg‘in davom etmoqda. Unga ko‘ra, Konstitutsiyaning 112-moddasida sudyalarni almashtirib bo‘lmaydi, ularning vakolatlari faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra tugatilishi yoki to‘xtatilishi mumkin, degan qoidani belgilash taklif etilmoqda.

Shu masala bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetining kafedra mudiri Bekzod NARIMANOV tushuntirish beradi. 

— Mazkur normaning asosiy mazmun-mohiyati shundan iboratki, sudyalar almashtirilmaydi, ularning roziligisiz boshqa lavozimga yoki boshqa sudga o‘tkazilishi mumkin emas, sudyalar faoliyatiga aralashish, bosim o‘tkazish, asossiz faoliyatini to‘xtatish yoki tugatish kabi holatlarga barham berish tushuniladi, shuningdek, sudyaning iste’foga chiqish huquqini anglatadi. 

Shunga o‘xshash norma “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 13-moddasida ham aks etgan. Jumladan, unda Konstitutsiyaviy sudning sudyasi o‘z vakolatlari muddati davomida almashtirilmaydi. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari ushbu qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin emas, deb belgilangan. 

Qolaversa, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 10-moddasida har bir inson huquq va burchlarini belgilash va unga qo‘yilgan jinoiy aybning qanchalik darajada asosli ekanini aniqlashi uchun to‘liq tenglik asosida uning ishi oshkora va adolat talablariga rioya qilingan holda mustaqil va xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqiga egaligi to‘g‘risidagi qoida ham mustahkamlab qo‘yilgan. 

Dunyoning aksariyat mamlakatlarida ham sudyalarning mustaqilligi, almashtirilmasligi konstitutsiya darajasida belgilangan. Konstitutsiyalarda sudlar va sudyalarning mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan aniq choralarni o‘zida aks ettiruvchi normalar bilan to‘ldirish amaliyoti o‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligida keng tus oldi. 

Xususan, bu borada raqamlarga e’tibor bersak, 2000 yilga kelib jahon mamlakatlari konstitutsiyalarining 50 foizida sudyalarni lavozimga tayinlash tartibi, 27 foizida sudyalarni lavozimdan ozod etishning asoslari, 25 foizida umrbod sudyalik muddati va sudyalarning oylik ish haqiga doir normalar mustahkamlangan edi. 

Demak, Konstitutsiyamizning 112-moddasida shu bilan bog‘liq normani kiritish orqali sudyalarning vakolatlari muddati davomida almashtirilmasligi, sudyaning vakolatlari qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda. Bu orqali sudyalarning mustaqilligi konstitutsiyaviy darajada kafolatlanadi. Bu esa, o‘z navbatida, inson huquq va erkinliklarini to‘laqonli ta’minlashga xizmat qiladi. 


N.Toshpo‘latova, O‘zA