Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya – yoshlar ijtimoiy faolligining huquqiy asosi
12:35 / 2022-06-16

Har qanday jamiyatning rivojlanishi uning tarixiy taraqqiyoti ertangi kun davomchilari bo‘lgan yoshlarning qanday bilim olishi, fikrlashi, dunyoqarashining shaklanganligi bilan bog‘liq.

Shu bois har qanday davlat avlodlarini jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan kamolga yetgan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega shaxslar qilib tarbiyalashga e’tibor beradi. Yurtimizda ham yoshlarni barkamol etib tarbiyalash, ijtimoiy faolligini oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat” degan edi. Yoshlarimizga berilayotgan keng imkoniyatlar va yaratilayotgan shart-sharoitlar ularning jamiyat hayotida yanada faol bo‘lishiga olib keladi.

Ta’kidlash joizki, ijtimoiy faollik konsepsiyasida jamiyatdagi individlar va ijtimoiy guruhlar faoliyati xususiyatlari va o‘ziga xos jihatlarining mohiyatini aks ettiradi. Ijtimoiy faollikda insonlardagi qiziqishning harakat omiliga aylanishi, bilishga nisbatan kuchli xohishning paydo bo‘lishi, maqsadni qo‘yish, voqelikni o‘zgartirish bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Shu bilan birga ijtimoiy faollikning kuchayishi natijasida ishlab chiqarishni jadallashtirish, fan-texnika taraqqiyotini rivojlantirish, ijtimoiy munosabatlar va shaxs o‘zini o‘zi takomillashtirishning eng muhim shartidir. Fuqarolar ijtimoiy faolligining o‘sishi eng yaxshi insoniy fazilatlarni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishni nazarda tutadi. Yoshlarning ijtimoiy faolligi shaxs xulq-atvorining ichki motivatsiyasi, uning intilishlari, ehtiyojlari va qiziqishlari bilan chambarchas bog‘liq. Shuningdek, shaxsning ijtimoiy faolligi konformistik xarakterga ega bo‘lib, voqelikka tanqidiy munosabatni anglatadi. Natijada u mamlakatda va dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni mustaqil ravishda tushunishga doimiy ehtiyojni, hayotni yaxshilashga intilishini o‘zida mujassamlashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasida “Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadir. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega” deb belgilab qo‘yilgan. Mazkur moddaning tarkibiy qismi sifatida “Yoshlarda ijtimoiy faollikni oshirishning huquqiy kafolatlari” degan bandni kiritish maqsadga muvofiqdir. Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish orqali jamiyat hayotidagi islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish, islohotlarga nisbatan ta’sirchanlikni kuchaytirishga erishish mumkin.

Yo shlar tomonidan amalga oshirilayotgan targ‘ibot va tashviqot ishlari ijtimoiy faollikni shakllantirishning muhim mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Yoshlarimiz tomonidan amalga oshirilayotgan targ‘ibot ishlarida doirasida ular ijtimoiy muammolarga yangicha, qiziqarli tarzda yondashishga harakat qilishlar kuzatiladi. Bu orqali yoshlarimizni foydali ishlarga qiziqtirish va yo‘naltirish muhim.

Yoshlarda ichki jo‘shqinlik, ishtiyoq, doimiy ko‘tarinki kayfiyat, amalga oshirgan faoliyatining natijasidan rozilik hissining ustunligi, siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy bilimlarni tezkorlik bilan o‘zlashtirishi ijtimoiy faollikning amalga oshirilishida ustuvor omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ularda ijtimoiy faollikni oshirish orqali jamiyat uchun dolzarb bo‘lgan aniq muammolarni hal qilishda faol ishtirokini ta’minlash, shaxsiy qiziqishlarini rivojlantirish, yangi g‘oyalar va tashabbuslarni ishlab chiqish, o‘z vataniga kerakligi va unga doimo yordam berishi kabi imkoniyatlarga ega bo‘lish mumkin.

Zohid Alimardonov,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti kafedra mudiri, mayor.
O‘zA