Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining o‘ttiz uch yilligi ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan “Konstitutsiya o‘zligimizni, milliy qadriyat va an’analarimiz himoyachisi!” shiori ostidagi tantanali tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, senator va deputatlar, nuroniylar, baynalmilal jangchi faxriylar, Yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etdi.
E’tirof etish joiz, Konstitutsiya kunini munosib kutib olish hamda fuqarolarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida Namangan shahrining Usmon Nosir ko‘chasida Namangan viloyati hokimligi hamda viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi. Dastavval, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ijro etildi.
“Konstitutsiya sayli”da sud, adliya, prokuratura organlari hamda Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi Namangan akademik litseyi o‘qituvchi va o‘quvchilari tomonidan Konstitutsiya normalari, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlari yuzasidan huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.
[gallery-26629]
Akademik litsey o‘quvchilari tomonidan “Siz Konstitutsiyani bilasizmi?” nomli viktorina uyushtirilib, unda g‘olib chiqqan ishtirokchilar viloyat adliya boshqarmasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Teatr binosida davom etgan tantanali tadbirda Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Ahmedov Yangi O‘zbekistonda inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan belgilab qo‘yilgan huquqlar, ularning mohiyati haqida so‘z yuritdi. Konstitutsiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashdagi ahamiyati alohida ta’kidlanib, qonun ustuvorligi – taraqqiyot garovi sifatida, barchani ijtimoiy hayotda faollik ko‘rsatishga chaqirildi.
Tantanali tadbirda, Konstitutsiya mavzusiga bag‘ishlab, san’atkorlar tomonidan tayyorlangan maxsus kompozitsiya va konsert dasturi namoyish etildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.