8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori, xalqimizning erki va mustaqillik g‘oyalarini mujassam etgan Asosiy qonun — Konstitutsiya xalqimiz hayotida beqiyos ahamiyatga ega. Har qanday demokratik jamiyatda qonun ustuvorligi erkin va farovon hayotning asosi bo‘lsa, bu tamoyilning hayotga tatbiq etilishida Konstitutsiya bosh mezon vazifasini bajaradi.
Konstitutsiyamiz o‘tgan yillar davomida siyosiy, ijtimoiy va huquqiy hayotimizni tubdan o‘zgartirishga xizmat qildi. Xalqimizning bevosita irodasi bilan 2023 yilda o‘tkazilgan referendumda Asosiy qonunning yangi tahriri qabul qilinib, demokratik tamoyillar, inson huquqlari va xalq manfaatlariga mos ravishda tubdan yangilandi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Inson qadrini yuksaltirish — Yangi O‘zbekistonning bosh maqsadi.” Bu g‘oya bugungi konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyatining markazida turadi. Yangilangan tahrirda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, ijtimoiy adolatni ta’minlash, aholining hayot sifatini oshirishga qaratilgan normalar aniq va ravshan belgilandi.
Shu bilan birga, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va oilani qo‘llab-quvvatlash, mahalla institutining nufuzini oshirish, ijtimoiy himoyaning uzviy tizimini shakllantirishga doir qator yangi konstitutsiyaviy kafolatlar mustahkam o‘rin oldi. Bu esa Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlari bilan hamohang bo‘lib, fuqarolarning munosib hayotini ta’minlashga xizmat qiladi.
Buyuk mutafakkirlarimiz tarix davomida adolat va qonun ustuvorligini davlat barqarorligining eng muhim sharti sifatida e’tirof etganlar. Amir Temur “Kuch — adolatda” deya adolatni davlat boshqaruvi poydevoriga aylantirgan. Alisher Navoiy esa “Adolat — mulkni obod qilur” deya jamiyatning ravnaqida adolatning o‘rnini alohida ta’kidlagan. Bugun Konstitutsiyamiz aynan shu g‘oyalarni zamonaviy huquqiy tizimda davom ettirmoqda.
Konstitutsiyamizning yangi “Inson — jamiyat — davlat” tamoyili davlat organlari faoliyatida xalq manfaatlarini ustuvor qilishni belgilab berdi. Davlatimiz rahbari qayd etganidek: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak.”
Ushbu tamoyil yangi O‘zbekistonning demokratik taraqqiyot modelining asosiy yo‘nalishiga aylangan.
Bugun ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, Konstitutsiyaning mazmuni va ahamiyatini keng targ‘ib qilishda muhim vazifani bajaradi. Yoshlarni qonunlarga hurmat, Vatanga sadoqat, adolat va mas’uliyat ruhida tarbiyalash — buyuk kelajagimizni barpo etishning eng muhim shartlaridan biri.
Konstitutsiya biz uchun nafaqat huquqiy kafolatlar majmui, balki tinchligimiz, barqarorligimiz, farovonligimiz va porloq kelajagimizning ishonchli mezoni.
Dilorom G‘AFFOROVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari
O‘zA