Ma’lumki, hozirgi vaqtda yurtimizda fidokorona mehnat qilayotgan ayollarning ulushi tibbiyotda 77 foiz, ta’lim sohasida 74 foiz, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda. Agar 2017 yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan – 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan 37 foizga yetdi.
Joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan konstitutsiyaviy qonun bo‘yicha xalq saylovi — referendum arafasida turli soha vakillari mamlakatimiz aholisini konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.
– Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning turmush tarzini va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularga daxldor ijtimoiy muammolarni hal etishga oid bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Toshkent shahar Bektemir tumani hokimligi Oila va xotin-qizlar bo‘limi yetakchi mutaxassisi Rahima Abdullayeva. – Yangilanayotgan Konstitutsiyada ham aynan xotin-qizlarning masalalariga bag‘ishlangan bir necha bandlar mavjud bo‘lib, bu kabi o‘zgartirishlar ayollarning jamiyatda faol bo‘lishga, oilada o‘z o‘rinlarini topishga zamin yaratadi, degan umiddaman. O‘ylaymanki, barcha xotin-qizlarimiz konstitutsiyaviy qonun bo‘yicha xalq saylovida o‘z ovozlarini beradi.
Men bo‘layotgan o‘zgarishlarga befarq emasman hamda referendumda ishtirok etaman!
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA