Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya – xalqimiz orzu-istaklari ko‘zgusi
17:40 / 2023-03-27

Toshkent tibbiyot akademiyasi mamlakatimizdagi tibbiyot institutlari uchun tayanch tibbiyot oliy ta’lim muassasasi hisoblanib, sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda doimo faol oliygoh bo‘lib kelmoqda.

Mamlakatda tibbiy kadrlarni tayyorlash, tibbiyot ilm-fani, tibbiy ta’lim tarixi va uning rivoji bevosita mazkur tibbiyot akademiyasida faoliyat yuritgan, yuritayotgan akademiklar, professorlar, ilm-fan sohasi namoyandalari bilan bog‘liq. 100 yoshni qarshilagan Toshkent tibbiyot akademiyasi bugunga qadar 90 mingdan ziyod malakali shifokorlar tayyorlab berganini alohida e’tirof etish joiz. Ushbu oliygoh kadrlar yetishtirib berish bilan birga mamlakatimizdagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi va shakllanishda ham muhim o‘rin tutadi.

Albatta inson munosib sharoitda ta’lim-tarbiya olib, huquq va manfaatlari jahon standartlariga muvofiq ta’minlangandagina davlat barqaror rivojlanadi. Shu tufayli bugungi kunda jahon reytingida yurtimiz har sohada oldinlamoqda. Buning asosiy sababi esa inson qadri, uning huquq va manfaatlariga muhim ahamiyat berilayotganida, deb aytish mumkin.

“Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da uzoq yillar davomida ishlamay turgan Toshkent tibbiyot akademiyasining bosh o‘quv binosining Raqamli universitet talablariga mos ravishda jihozlangan holda topshirilishi akademiyaning talabalari va professor-o‘qituvchilariga katta quvonch baxsh etdi.

3000 nafar talaba tahsil oladigan oliygoh binosida talabalarning o‘qishi, o‘z ustida mustaqil ishlashi hamda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishi uchun 89 ta zamonaviy jihozlangan o‘quv va amaliyot xonalari, ma’ruza zallari, 10 ta ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, 20 dan ortiq ijtimoiy zonalar, 680 o‘ringa ega (shundan 180 o‘rin yozgi) oshxona va bufet, kitob do‘koni, talaba va xodimlarning farzandlari uchun bolalar bog‘chasi kabi imkoniyatlar yaratilgan.

O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Toshkent tibbiyot akademiyasida 2022 yilda Simulyatsion o‘qitish kafedrasi tashkil qilindi. Simulyatsion mashg‘ulotlar davomida talabalar klinikada aniq simptomlari bo‘lgan bemor bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, o‘quv dasturida ko‘zda tutilgan barcha kasalliklar bilan tanishish, diagnostika va davolash maqsadida 250 dan ortiq amaliy ko‘nikmalar va muolajalarni o‘rganadi.

Simulyatsiya markazi virtual ko‘p tarmoqli klinika tamoyili asosida tashkil etilgan. Markazda tez va shoshilinch yordam ko‘rsatish, qabulxona, reanimasiya, operasiya xonasi, jarrohlik, bolalarga yordam ko‘rsatish, tug‘ruq zali va ginekologik operatsiyalar, terapiya, oftalmologiya, LOR, stomatologiya xonalari yuqori darajadagi simulyatorlar bilan hamda maxsus jihozlangan xalq tabobati, ekspert zonasi, imtihon uchun OSKE xonalariga ega.

Akademiya bosh binosida Raqamli tibbiyot markazi tashkil etilgan bo‘lib, markaz raqamli universitet, test markazi, telemeditsina, elektron poliklinika, elektron statsionar, elektron dekanat VR va AR texnologiyalar, kompyuter sinflari va boshqa elektron dasturlarni o‘z ichiga olgan.

Raqamli universitet tizimida ishlovchi Moodle va HEMIS platformasida talabalar uchun fan dasturlari, dars jadvali, o‘quv reja, davomat va elektron reyting daftarchasi mavjud. Elektron jurnal va reyting daftarchasi orqali talabalar olgan baholarni ularning ota-onalari ham kuzatishlari mumkin.

Nafaqat Toshkent tibbiyot akademiyasi olimlari va ilmiy izlanuvchilari uchun, balki Respublika miqiyosida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun Molekulyar genetika, klinik immunologiya, hujayra texnologiyalari va farmako-toksikologik, gematologik, ekologiya va shu kabi 10 dan ortiq boshqa laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan Biotexnologik tadqiqotlar markazi tashkil etildi. U 44 turdagi zamonaviy ilmiy-tadqiqot uskunalari bilan jihozlangan.

Raqamlashtirilgan Axborot-resurs markazi akademiyaning o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarini axborot resurslari bilan ta’minlovchi ziyo maskani, deb aytish mumkin.

Axborot-resurs markazida elektron xizmat kengayishini ta’minlovchi yangi, xalqaro amaliyot tajribasidan o‘tgan xizmat ko‘rsatish shakllari va ilg‘or dasturiy mahsulotlarni tizimli asosda joriy etish maqsadida “Elektron resurslar bilan ishlash”, “Raqamlashtirish”, “Xorijiy adabiyotlar“,
 

“Ilmiy-tibbiy va o‘quv adabiyotlari” bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Markaz bir vaqtning o‘zida 500 nafar talabaga xizmat ko‘rsata oladigan o‘quv zali va 300 ta kompyuterli virtual kutubxonaga ega. Markazning QR-kutubxonasida talabalar istalgan kitob va ilmiy jurnallarni mobil qurilmalari yordamida skanerlab, onlayn o‘qishlari yoki yuklab olishlari mumkin.

Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalariga o‘tgan 2022 yil qator muvaffaqiyatlarni tuhfa etdi. Talabalar orasidan Mahkamova Munisaxon Prezident stipendiyasi, Ismoilov Ulug‘bek “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga erishgan bo‘lsa, Diyora Tursunbayeva esa Ibn Sino stipendiyasi sovrindoriga aylandi. Iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida akademiyada faoliyat olib borgan mashhur 13 nafar akademik va 8 nafar professor nomidagi va boshqa nomli, jami 209 ta maxsus stipendiya joriy qilingan.

Germaniya bilan hamkorlikda “Tibbiy fizika” mutaxassisligi ochilishi bo‘yicha shartnoma imzolandi. INHA universiteti bilan hamkorlikda tibbiyotda IT texnologiyalari modulini magistr-talabalarga o‘tish to‘g‘risida bitim tuzildi. Ilk bor 2022/2023 yildan magistraturaga IELTS sertifikatiga ega da’vogarlar qabul qilindi.

Akademiyaning Jamoat sog‘lig‘ini saqlash maktabining “Jamoat sog‘lig‘ini saqlash va sog‘liqni saqlashni boshqarish” (Master in Public Health and Healthcarye Management) magistratura mutaxassisligi dasturi Yevropa Ittifoqining Jamoat sog‘lig‘ini saqlash ta’limini akkreditatsiya qilish agentligi (APHEA-Agency for Public Health Education Accreditation) tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Xalqaro hamkorlik borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2022 yilda akademiyaning xorijiy talabalari geografiyasi kengaydi. Xorijiy hamkorlar bilan yangi imzolangan shartnomalar soni 80 tadan oshdi. Xorijning nufuzli tibbiyot muassalarining yetakchi mutaxassislari o‘quv jarayoniga mutaxassis sifatida jalb etildi.

Mamlakatda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga yurtimiz va xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ladigan Yangilanayotgan Konstitutsiyaga Toshkent tibbiyot akademiyasi jamoasi ham befarq emas.

Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Konstitutsiyamizdagi moddalar ko‘payib, unga turli yo‘nalishlarda o‘zgarishlar kiritilib, inson erki, qadr-qimmati asos qilib olindi. Inson erkin bo‘lib bu dunyoga kelar ekan, demak erkin yashashi lozim. Har bir insonning qadr-qimmati bo‘lishi, davlat va jamiyat esa bunga sharoit yaratib berishi zarur.

Qonun loyihasida fuqarolarning malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga, sog‘lom tabiiy muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, ekologik tizimni muhofaza qilish va tiklash, uni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlantirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi nazarda tutilmoqda. Ta’limni, ilm-fanni, millatni va xususan, yoshlarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning aniq konstitutsiyaviy kafolatlari nazarda tutilmoqda.

Konstitutsiya loyihasida 18 milliondan ortiq yoshlarimiz masalasiga ham e’tibor berilib, ularning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati ekani belgilanmoqda. Bosh qomusimizda yoshlar uchun alohida bob ajratilmoqda.

Bundan tashqari, oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi taqdim etilmoqda. Konstitutsiyamizga ushbu normaning kiritilishi professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi. Jumladan, keyingi yillarda ko‘plab nodavlat oliy o‘quv yurtlari ochildi, xorijiy universitetlar filiallari soni ortmoqda, 41 ta davlat oliy o‘quv yurtiga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi.

Oliy ta’lim uchun zaruriyati o‘ta muhim, deb e’tirof etish mumkin bo‘lgan Konstitutsiyaga 411-moddaning qo‘shilishi taklifi yana bir muhim yangilik, deb e’tirof etish mumkin. Unga ko‘ra “Har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli. Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o‘zini o‘zi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega. Davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashadi”.

Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, deb belgilab qo‘yilgan. Ushbu modda davomi sifatida “Fuqarolar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini bepul olish huquqga ega”, degan qo‘shimcha kiritilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida xalqimiz muallifligida, ya’ni jamoatchilik takliflari asosida, ilg‘or xorijiy tajribalar, xalqaro standartlarni o‘rgangan va qo‘llangan holda shakllantirgan xalqchil Konstitutsiya o‘zimizniki ekanligini ta’kidlash joiz. Asosiy qonunimiz sizu bizning, har bir vatandoshimizning xohish-irodasini ifoda etadi. Demak, o‘z kelajagini shu yurt taqdiri bilan bog‘lagan har bir inson muhim tarixiy voqea Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumga befarq bo‘lmaydi.

Xalq farovonligi yo‘lida xizmat qilayotgan Toshkent tibbiyot akademiyasining jonkuyar xodimlarini ham yurtdoshlarimiz qatorida xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy hujjat loyihasiga befarq bo‘lmay, referendumda faol ishtirok etishga chorlab qolaman.

Alisher SHADMANOV,

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori.

O‘zA