French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya – xalq tayanchi
18:14 / 2021-12-02

Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

Bosh qomusimiz qabul qilinganligiga 29 yil to‘lgan bo‘lsada, aslida Konstitutsiya tuzishga bo‘lgan ilk qadam 1990 yilning 24 mart kunida qo‘yilgandir. Shaxsning ma’lum bir davlat fuqarosi ekanligini isbotlovchi hujjati – pasport hisoblanadi. Davlatning dunyo mamlakatlari orasida mavjudligini isbotlovchi hujjati, ham uning pasporti Konstitutsiya sanaladi. 

Mamlakatimizda inson huquqlari barcha narsadan ustun ekanligi 7-moddada o‘z aksini topgan, ya’ni xalq davlatning birdan bir manbaidir. Bundan tashqari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga bag‘ishlangan normalar ham «Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari» deb nomlangan bo‘limdan so‘ng joylashtirilganligi ham bejiz emas.

Konstitutsiya – tuzuk degani. Eski turkiy tilimizdagi tuzmoq fe’li asosida yuzaga kelgan. Amir Temur tuzuklari ham o‘ziga xos bir konstitutsiya desam, yanglishmayman. Tuzukda aytiladi agar aybdor, jinoyatchi kishilarga jazo berish kerak bo‘lsa unga azob berish, qiynash tanaga jarohat yetkazish kabi jazolar berish taqiqlanadi. Uni ma’rifat yo‘li bilan to‘g‘ri yo‘lga boshlash kerak. 

Yoki bo‘lmasam, o‘sha davr kishisi adirlik, qarovsiz dasht yerlarini parvarish qilib, uni obod qilsa, undan birinchi soliq olinmagan. Bobomiz tuzuklarida ham milliy qomusimiz singari insonparvarlik – gumanizm g‘oyalari ilgari surilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi konstitutsiyamiz mustaqilligimiz tuzugidir.

Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. bugungi kunda barcha jabhalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.

Ayrim davlatlar hatto o‘z Asosiy qonunlarining referendumda, xalq ishtirokida qabul qilingani bilan faxrlanadi. Albatta, bu eng oliy darajadagi qaror. Biroq bu jarayonda xalq oldida faqat ikki savoldan biriga javob berish imkonigina bo‘ladi: Konstitutsiya matnini tasdiqlash yoki rad etish. O‘zbekiston Konstitutsiyasining o‘ziga xosligi shundaki, u ikki marotaba xalq muhokamasida yurtdoshlarimiz xohish-irodasi bilan boyitildi. Umumxalq muhokamasi davomida Konstitutsiya loyihasi yuzasidan jami 6 mingdan ortiq taklif va mulohaza bildirilgan.

G‘arb olimlari dunyo konstitutsiyalari tahlili natijasida 70 ta asosiy mavzuning qamrab olinishi bo‘yicha 190 davlat konstitutsiyasi va konstitutsiyaviy ahamiyatdagi boshqa hujjatlarni o‘rganganda davlatimiz Asosiy qonuni 0,59 natijani ko‘rsatib, nisbatan ko‘proq mavzularni qamrab olgani ayon bo‘ldi. Bu jihatdan Avstriya Konstitutsiyasi 0,57, AQSH Konstitutsiyasi 0,49, Buyuk Britaniyaning konstitutsiyaviy ahamiyatdagi hujjatlari 0,43 natijani ko‘rsatgan.

Tarixga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va insonning tabiiy huquqlari sivilizatsiya jarayonlari natijasida Konstitutsiya shakliga kelganini ko‘ramiz. Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega bo‘lish, ta’lim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, so‘z hamda e’tiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tardi.

Mustaqilligimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.

Jamshid Shodiyev,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

Kogon tuman bo‘linmasi bosh mutaxassisi