So‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan tub islohotlar, “Inson qadri uchun” tamoyiliga tayangan davlat siyosati Konstitutsiyada o‘z aksini topdi.

Bugungi kunda inson qadr-qimmati, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash g‘oyasi davlatimizning ichki va tashqi siyosatining tamal toshiga, Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlarning eng muhim harakatlantiruvchi kuchi hamda ushbu ezgu sa’y-harakatlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi muhim omilga aylandi.
Xususan, Asosiy Qonunimizning 115-moddasida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi, epidemiyalar, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, 49-moddasida esa har kimning qulay atrof-muhit va uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash belgilangan.
Davlatning barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, ekologik muvozanatni saqlash, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar amalga oshiriladi.
Bosh qomusimizda xususiy mulk daxlsizligi, tadbirkorlik faoliyati erkinligi, investitsiyalarning qonuniy himoyasi to‘liq kafolatlangan. Bu – mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari, innovatsion loyihalar va investitsion muhitni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos hisoblanadi.
Deputat sifatida ishonch bilan ayta olaman: Konstitutsiya – bu faqat hujjat emas, balki kelajak avlod oldidagi mas’uliyatimiz, Vatan taraqqiyotining huquqiy xaritasidir. Unda belgilab berilgan har bir qoida, har bir tamoyil yurtimizning ertangi kuni, aholimiz farovonligi, yoshlar imkoniyatlari uchun xizmat qiladi.
Shu ma’noda 8 dekabr – nafaqat bayram, balki Bosh qomusimiz, uning hayotimizdagi o‘rni, yurt ravnaqi uchun tutgan ahamiyatiga chuqur baho berish, qonunlarga hurmatni yanada mustahkamlash kunidir. Unda har bir insonning qadrini ulug‘lovchi, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlovchi, iqtisodiy erkinlikni qo‘llab-quvvatlovchi normalar qat’iy mustahkamlangan.
Shu jihatdan, Konstitutsiyadagi har bir modda – islohotlar amalga oshishi, jamiyat farovonligi va kelajak avlod tarbiyasi uchun qo‘yilgan huquqiy poydevordir.
Guljan Xalmuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi
O‘zA